Sud Priscilla Presleyning firibgarlik ayblovlaridan qutulish urinishini rad etdi
Sudya Priscilla Presleyning sobiq biznes hamkorlariga firibgarlik ayblovlari boʻyicha ishni davom ettirishga ruxsat berdi.

AQSh sudi Priscilla Presleyning sobiq biznes hamkorlari Brigitte Cruz va Kevin Fialko unga qarshi ilgari surgan firibgarlik ayblovlarini bekor qilish haqidagi iltimosnomasini rad etdi. Tomonlar oʻrtasidagi sud jarayoni 2023 yildan beri davom etmoqda.
Elvis Presleyning sobiq rafiqasi Priscilla sobiq maslahatchilarini keksaga nisbatan shafqatsiz muomala qilishda va uning pullarini oʻzlashtirishda ayblamoqda. Bunga javoban Cruz va Fialko oʻzlari firibgarlik qurboni boʻlganini taʼkidlamoqda. Ularning versiyasiga koʻra, Priscillaning ismi, obrazi va boshqa huquqlaridan tijoriy foydalanish ustida birgalikda ishlash chogʻida u bu huquqlarni bundan bir necha yil oldin Authentic Brands Group kompaniyasiga topshirganini yashirgan. Hamkorlar, xususan, kosmetika sohasidagi loyihalar va 2023 yilda ekranlarga chiqqan Sofia Coppolaning “Priscilla” filmini targʻib qilish bilan shugʻullangan.
16 noyabr kuni sudya Mark H. Epstein firibgarlik ayblovlari ishni koʻrib chiqishni davom ettirish uchun yetarlicha asoslangan, degan qarorga keldi. U sobiq maslahatchilarning noqonuniy ishdan boʻshatilgani bilan bogʻliq daʼvolarini ham rad etishdan bosh tortdi. Sudya ularning xodim maqomiga ega boʻlgan-boʻlmaganini aniqlash uchun dalillarni qoʻshimcha oʻrganish kerakligini qayd etdi.
Bundan tashqari, sudya qarshi daʼvodan Priscilla goʻyoki qizi Lisa Marie Presleyning oʻlimiga taʼsir koʻrsatgani va Elvis Presleyni uning vafotini tezlashtirgan holda bosim ostida qoldirgani haqidagi shov-shuvli bayonotlarni chiqarib tashlamadi. Shu bilan birga, u ayrim ayblovlar haddan tashqari haqoratli ekanini tan oldi.
Ayni paytda Cruz va Fialkoning qarshi daʼvolaridagi ayrim talablar rad etildi. Ular qatorida shartnomaviy munosabatlarga aralashish hamda Priscillaning oʻz ismi va obraziga boʻlgan huquqlarini noqonuniy ravishda oʻzlashtirgani haqidagi daʼvolar bor. Sobiq hamkorlarga bu bandlarni tuzatib, qayta topshirishga ruxsat berildi.
Priscillaning advokati Wayne Harman mijozi taxmin qilingan manipulyatsiya va moliyaviy ekspluatatsiya sababli adolatga erishish uchun kurashni davom ettirayotganini bildirdi. Oʻz navbatida, Cruz va Fialkoning himoyasi sud qaroridan mamnunligini bildirdi.





