Netflix «Pingvinlar marshi» jamoasi yaratgan yaguarlar haqidagi hujjatli filmni chiqaradi
«Yaguarlar marshi» filmi 2-dekabrda chiqadi va Braziliyaning Pantanal mintaqasida yashovchi yirtqichlar oilasi hayotini koʻrsatadi.

Netflix «Yaguarlar marshi» (March of the Jaguars) hujjatli filmining premyera sanasini eʼlon qildi. Film striming xizmatining Lotin Amerikasida yaratilgan yovvoyi tabiat haqidagi ilk loyihasi boʻladi. Global premyera 2-dekabrga rejalashtirilgan.
Film Braziliyaning Pantanal mintaqasidagi Enkontru-das-Aguas davlat bogʻida yashovchi yaguarlar oilasi haqida hikoya qiladi. Suratga olish ishlari besh yil davom etdi va 26 ta ekspeditsiyani oʻz ichiga oldi. Loyiha ijodkorlari hayvonlarning ilgari kameraga muhrlanmagan xatti-harakatlarini tasvirga oldi.
Filmni braziliyalik Duo2 TV va fransuz Bonne Pioche kompaniyalari ishlab chiqardi. Ijodkorlar qatorida Aleksandr Sulye hamda 2006-yilda «Pingvinlar marshi» hujjatli filmi uchun «Oskar» mukofotini olgan Emmanuel Priu bor. Rejissyorlikni Lorens Vahba bajardi, u ssenariy yozishda ham qatnashgan.
Filmga «Men hali ham shu yerdaman» filmidagi bosh roli uchun «Oskar»ga nomzod boʻlgan Fernanda Torres hikoyachi sifatida ovoz berdi.
Vahbaning soʻzlariga koʻra, ijodkorlar yaguarlarni nafaqat noodatiy jihatdan koʻrsatishga, balki ularni himoya qilish zaruriyatiga eʼtibor qaratishga ham intilgan. Braziliya bu turni saqlab qolish uchun alohida ahamiyatga ega: dunyodagi yovvoyi yaguarlar populyatsiyasining qariyb yarmi mamlakat hududida yashaydi.
Rejissyor, shuningdek, loyiha ustida ishlashda braziliyalik jamoaning ishtiroki muhimligini taʼkidladi, chunki yaguar mamlakat tub xalqlarining madaniyati va anʼanalarida alohida oʻrin tutadi.





