Grand Export — bilishga arziydigan Berlin moda eksporti
Bu duet qayta ishlangan kiyimlar va vintage materiallardan cheklangan seriyalar yaratadi. Ular Berlinning eksperimental yondashuvini «merosdan keyingi hashamat» gʻoyasi bilan uygʻunlashtiradi.

Dizaynerlar Paulina Muntsing va Gent Berbatovtsi Parijda Grand Exportʼning «Trophies» deb nomlangan toʻliq kolleksiyasini taqdim etdi. Los-Anjelesdagi H. Lorenzo doʻkoni kolleksiyani allaqachon oʻz assortimentiga kiritishga tanlagan, yetkazib berish esa 2027-yil martiga rejalashtirilgan.
Kolleksiyada ichini tashqariga qilib kiyish mumkin boʻlgan qizil jun sviterlar, kalta qora charm koʻylaklar va 1970-yillarga oid qoʻy terisidan tikilgan jaketlar bor. Ayrim buyumlar uchun sobiq Sharqiy Germaniyada ishlab chiqarilgan sport kostyumlari, 1950-yillarga oid vintage byustgalterlar va avvalgi ishlab chiqarishlardan qolgan charm asos qilib olingan.
Dizaynerlar brend nomini Berlinning Kaiser-Friedrich-Straße koʻchasidagi import va eksport doʻkonlaridan olgan. Muntsing Berlinda tugʻilgan, London College of Fashionʼda tahsil olgan va Mugler hamda Trussardiʼda ishlagan. Prishtinada tugʻilgan Berbatovtsi esa modaga sanoat dizaynidan kirib kelgan. Ular 2010-yilda Londonda tanishgan va 2013-yilda juft boʻlishgan.





