Britaniyaning The Comedy About Spies komediyasi 2027 yil bahorida Brodveyga koʻchadi
Mischief Theatre spektakli Nyu-Yorkdagi Music Box teatrida 18 haftalik cheklangan prokatga ega boʻldi.

Britaniyaning Mischief Theatre teatr kompaniyasi The Comedy About Spies spektaklini 2027 yil bahorida Brodveyda namoyish etadi. Avvalroq Londonning West End hududida ikki marta tomoshabinlar bilan toʻla zallarda namoyish etilgan spektakl Music Box teatrida 18 haftalik cheklangan prokatga ega boʻladi.
Dastlabki namoyishlar 27 martda boshlanadi, rasmiy premyera esa 14 aprelda boʻlib oʻtadi. Spektakl 2027 yil 25 iyuligacha namoyish etiladi. Unda truppaning dastlabki tarkibi qatnashadi, biroq aktyorlarning ismlari hozircha eʼlon qilinmagan. Oʻsha yilning yozida Buyuk Britaniya boʻylab gastrol safari ham rejalashtirilgan.
Komediya voqealari 1960-yillardagi Londonda kechadi. Britaniyalik agent maxfiy ishlanmalarni oʻgʻirlab ketgach, josuslar — Markaziy razvedka boshqarmasi va KGB xodimlari — Piccadilly Hotel mehmonxonasida toʻplanadi. Muhim hujjatlar ortidan boshlangan taʼqibga yosh juftlik, omadsiz aktyor va bir necha ikki tomonlama agent tortilib ketadi. Bir qator tushunmovchiliklar operatsiyani kulgili muvaffaqiyatsizliklar ketma-ketligiga aylantiradi.
Pyesani Mischief Theatre hammuassislari, xalqaro xitga aylangan «Pyesa, hammasi chappasiga ketgan» asari bilan tanilgan Genri Lyuis va Genri Shilds yozgan. Rejissyor — Mett DiKarlo.
The Comedy About Spies spektaklining premyerasi 2025 yil aprelida boʻlib oʻtgan. 2026 yilda spektakl WhatsOnStage Award mukofotining «Eng yaxshi yangi pyesa» nominatsiyasida gʻolib boʻldi va Olivier mukofotiga nomzod etib koʻrsatildi.



