Kris Braun va Asher R&B Tour qoʻshma gastrolining yana ikki konsertini bekor qildi
Sanʼatkorlarning gastrollari davom etayotgan bir paytda Los-Anjeles va Mayamidagi chiqishlar Ticketmaster jadvalidan olib tashlandi.

Kris Braun va Asher R&B Tour qoʻshma gastrolining yana ikki konsertini bekor qildi. 11 noyabr kuni Ticketmasterning rasmiy saytida Los-Anjelesdagi SoFi Stadiumda 16 noyabrga rejalashtirilgan va Mayamidagi Hard Rock Stadiumda 6 dekabr kuni boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan chiqishlar bekor qilingani haqida qaydlar paydo boʻldi.
Har ikki sanʼatkorning vakillari va Ticketmaster hozircha vaziyatga izoh bermadi. Shu bilan birga, musiqachilar 11 noyabr kuni Atlantada chiqish qilishi kerak. Bu konsert ularning Mercedes-Benz Stadiumdagi beshinchi va soʻnggi konserti boʻladi.
Oʻtgan oy tashkilotchilar Baltimor, Sinsinnati, Indianapolis va Kolumbiya (Janubiy Karolina shtati) shaharlaridagi bir nechta chiqishni ham bekor qilgandi. Oʻshanda bunga gastrol jamoasi aʼzolarining salomatligi haqida qaygʻurish va turning xavfsiz davom etishini taʼminlash zarurati sabab qilib koʻrsatilgan.
Bekor qilishlar Kris Braunning Buyuk Britaniyadagi sud jarayoni bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Xonanda 2023 yilda Londondagi tungi klubda sodir boʻlgan hujum ishi boʻyicha sakkiz oy muddatga shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi, sinov muddati esa 12 oy etib belgilandi. Shuningdek, unga 1500 funt sterling miqdorida jarima tayinlandi.
Hozircha R&B Tour 12 dekabr kuni Tampada yakunlanishi rejalashtirilgan. Ungacha sanʼatkorlar Inglvud, Yangi Orlean, Xyuston va Mayamiga borishi kerak. Yana ikki konsert bekor qilingach, jadvalda sakkizta konsert qoldi.





