Tayler Pozi Netflixʼning «Myron Bolitar» seriali aktyorlar tarkibiga qoʻshildi
«Teen Wolf» yulduzi Harlan Koben kitoblari asosida yaratilgan detektiv loyihaning uchta epizodida paydo boʻladi.

Tayler Pozi Harlan Kobenning detektiv romanlari turkumi asosida yaratilgan Netflixʼning «Myron Bolitar» serialida mehmon rolini oldi. Aktyor loyihaning uchta epizodida koʻrinish beradi.
Pozi badavlat oiladan chiqqan, jozibali, oʻziga ishongan va sportchi yigit rolini oʻynaydi. Uning qahramoni — taniqli siyosatchining oʻgʻli boʻlib, istagan narsasini olishga oʻrgangan. Biroq u gʻazablangan paytlarida jismoniy tajovuzkorlik qilishi mumkin.
Serialda bosh rolni Kolin Vudell ijro etadi. Aktyorlar tarkibiga, shuningdek, Key Jey Apa va Dayan Gerrero ham qoʻshilgan. Syujet markazida sobiq basketbolchi Mayron Bolitar turadi. U sport jarohatidan keyin agentga aylanadi va professional sport olami bilan bogʻliq xavfli vaziyatlarga aralashib qoladi.
Loyiha yaratuvchilari — Devid E. Kelli va Kayl Long.
Tayler Pozi «Teen Wolf» serialidagi Skott Makkol roli bilan eng koʻp tanilgan. Uning boshqa ishlari qatorida «The Last Summer» va «Queen of the Ring» filmlari, shuningdek, «Now Apocalypse» seriali bor.





