Apple TV videopodkastlar uchun alohida boʻlimga ega boʻladi
Kompaniya Apple TVʼda videopodkastlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiradi va yangi boʻlimni toʻlovli obunasiz foydalanish uchun taqdim etadi.

Apple Apple TV striming xizmati uchun videopodkastlar joylashtiriladigan alohida boʻlim tayyorlamoqda. The New York Times maʼlumotiga koʻra, funksiyani sinovdan oʻtkazish dasturchilar uchun moʻljallangan dastlabki versiya chiqishi bilan boshlanadi. Keyinchalik yangilik qoʻllab-quvvatlanadigan platformalardagi ilova foydalanuvchilari hamda Apple TV qurilmalaridan foydalanuvchilarning barchasi uchun ochiq boʻladi.
Yangi boʻlimdan foydalanish uchun toʻlovli obuna rasmiylashtirish talab etilmaydi. Bundan tashqari, kompaniya standart Apple Podcasts ilovasidagi videopodkastlar katalogini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Shu tariqa, Apple bu yoʻnalishni rivojlantirayotgan boshqa yirik platformalarga qoʻshiladi. Videopodkastlar Netflix, Spotify, YouTube, Hulu va Disney+ platformalarida allaqachon mavjud. Avvalroq Apple Podcasts ilovasiga podkast epizodlarining audio va video versiyalari oʻrtasida almashish imkoniyatini ham qoʻshgan edi.





