«Persi Jekson va olimpiyachilar»ning uchinchi mavsumi jiddiyroq va koʻlamliroq boʻldi
Uchinchi mavsum premyerasi Persi haqidagi hikoyada yangi bobni ochib, tomoshabinlarni «Titan laʼnati» kitobining muhim qahramonlari bilan tanishtiradi.

«Persi Jekson va olimpiyachilar» serialining uchinchi mavsumidagi dastlabki ikki epizod 20 noyabr kuni Disney+ platformasida namoyish etildi. Yangi mavsum Rik Riordan turkumining ikkinchi kitobidagi voqealar doirasidan chiqishga muvaffaq boʻlgan ilk ekran davomi boʻldi.
Syujet ohangini sezilarli darajada oʻzgartiradi: qahramonlar ulgʻayadi, xavf-xatarlar jiddiylashadi, voqealar esa yanada katta koʻlam kasb etadi. Dastlabki qismlar mavsumdagi asosiy sarguzasht uchun zamin hozirlaydi hamda tomoshabinlarni Taliya, Niko, Byanka, Artemida, Apollon va Atlas bilan tanishtiradi.
Birinchi mavsumdan beri Persi rolini ijro etib kelayotgan Uoker Skobell oʻz qahramonini ishonarli tarzda ochishda davom etmoqda. Yangi epizodlarda Taliya obrazini gavdalantirgan Tamara Smart ham muhim rol oʻynaydi. Ikki yarim xudo — Poseydonning oʻgʻli va Zevsning qizi — oʻrtasidagi qarama-qarshilik mavsum boshidagi eng qiziqarli jihatlardan biriga aylanadi.
Ijodkorlar qahramonlarning sehrli qobiliyatlariga ham eʼtibor qaratgan. Persi suvni boshqara olishini namoyish etadi, Taliya esa raqiblariga qarshi chaqmoqlardan foydalanadi. Rejissyor Jeyms Bobin bu sahnalarni hikoyaga tabiiy ravishda singdirib, voqealarni kuchlarning keng koʻlamli toʻqnashuviga bosqichma-bosqich olib boradi.
Biroq barcha yangi qahramonlar birdek ishonarli chiqqan emas. Dafni Kin ijro etgan Artemida obrazi ayrim oʻrinlarda aktyorlik oʻyinining umumiy dinamikasidan ajralib qoladi, uning akasi — Yuber Smeletski ijro etgan Apollon bilan munosabatlari esa tabiiy koʻrinmaydi. Jeyson Mantzukas esa Dionis rolini yana aʼlo darajada ijro etgan.





