Billi Aydol Rok-n-roll shon-shuhrat zaliga kiritilishi va yangi albom ustidagi ishlar haqida gapirdi
Musiqachi marosimdan kutayotganlari bilan oʻrtoqlashib, navbatdagi albomida qanday oʻzgarishlar boʻlishini ham aytib berdi.

14 noyabr kuni Billi Aydol 2026-yilgi Rok-n-roll shon-shuhrat zaliga kiritiladi. U bilan birga bu sharafga uning uzoq yillik hammuallifi, gitarachi va doʻsti Stiven Stivens ham muyassar boʻladi.
Bu voqea musiqachi uchun alohida ramziy maʼnoga ega: 2026-yilda uning Generation X pank-guruhidagi faoliyati boshlanganiga 50 yil toʻladi. Keyinchalik Aydol yakkaxon faoliyatini boshladi va «White Wedding», «Rebel Yell» hamda «Cradle of Love» xitlari bilan mashhur boʻldi.
Artist Billboard nashriga bergan intervyusida boʻlajak eʼtirofdan juda xursand ekanini aytdi. Shuningdek, marosimda Oasis guruhidan Noel Gallager bilan uchrashishni istashini bildirdi. Bundan tashqari, 13 noyabr kuni Los-Anjelesda Billi Aydol kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan musiqachi va Stivens bepul akustik konsert berishadi.
Aydol navbatdagi albomi tafsilotlari bilan ham oʻrtoqlashdi. Uning soʻzlariga koʻra, albomda elektron unsurlar koʻproq boʻladi, biroq u Aydolga xos 1980-yillar ohangi va rok-n-roll energiyasini saqlab qoladi.





