Kodi Jonson jismoniy va ruhiy holdan toyganligi sabab CMA Awards marosimida qatnashmaydi
Kantri xonandasi Kodi Jonson kuchini tiklashi zarurligini aytib, CMA Awardsʼning 60-marosimida ishtirok etishdan bosh tortdi.

Amerikalik ijrochi Kodi Jonson chorshanba kuni boʻlib oʻtadigan CMA Awardsʼning 60-marosimiga bormasligi va unda chiqish qilmasligini maʼlum qildi. Musiqachi ijtimoiy tarmoqlardagi postida bunday qarorga jismoniy va ruhiy holdan toyganligi sabab kelganini tushuntirdi.
Sanʼatkor erishgan barcha yutuqlari uchun minnatdor boʻlsa-da, baʼzan oʻziga haddan tashqari bosim oʻtkazishini tan oldi. Hozir xonanda uyda oilasi bilan vaqt oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, oilasi kuchini tiklashiga yordam beradi.
Jonson faoliyatidagi hozirgi bosqichni uzoq vaqt orzu qilganini va muvaffaqiyat sari yoʻldagi barcha saʼy-harakatlarini oqlangan deb bilishini aytdi. Biroq imkoniyatlari chegarasida doimiy ravishda ishlash sogʻlom holat boʻlmagan. U muxlislarga qoʻllab-quvvatlovi uchun ham minnatdorlik bildirdi.
Boʻlajak CMA Awards marosimida musiqachi toʻrtta nominatsiyada, jumladan, asosiy — «Yil artisti» nominatsiyasida taqdim etilgan. Bundan tashqari, u Banks of the Trinity albomi bilan ilk bor Grammy mukofotiga nomzod boʻldi. Albom Traditional Country Album nominatsiyasida gʻoliblik uchun daʼvogarlik qilmoqda.
Sanʼatkorlarning ruhiy salomatlik haqidagi ochiq bayonotlari kantri industriyasidagi stigmani asta-sekin yengishga yordam bermoqda. Avval shaxsiy tajribasi bilan oʻrtoqlashib, oʻziga gʻamxoʻrlik qilish muhimligi haqida gapirgan musiqachilar qatorida Kelsi Ballerini, Lyuk Kombs va Cheyz Rays ham bor.





