Sem Bankman-Frid va Kerolayn Ellisonning romani Netflixʼning «Altruistlar» serialiga asos boʻldi
Sakkiz soatlik loyiha kriptovalyuta kompaniyasi rahbarlari oʻrtasidagi munosabatlar orqali FTXʼning yuksalishi va qulashini hikoya qiladi.

Netflixʼning «Altruistlar» (The Altruists) seriali FTX kriptovalyuta birjasi asoschisi Sem Bankman-Frid va u bilan bogʻliq Alameda kompaniyasi rahbari Kerolayn Ellisonning hayoti haqida hikoya qiladi. Syujet markazida nafaqat ularning biznesining moliyaviy qulashi, balki sobiq sevishganlar oʻrtasidagi murakkab munosabatlar ham turadi.
Loyiha yaratuvchisi Grem Mur («Taqlid oʻyini») ikki vaqt chizigʻidan foydalanadi. Ulardan biri tomoshabinlarni Kerolayn Nyu-Yorkdagi xedj-fondda ishlayotgan paytida Sem bilan tanishgan 2016-yilga olib boradi. Asta-sekin ularning professional hamkorligi ishqiy munosabatlarga aylanadi, keyin esa ular birgalikda biznes quradi. Ikkinchi chiziq 2022-yildagi voqealarni koʻrsatadi: oʻsha paytda rahbarlar moliyaviy hiylalar oqibatlarini yashirishga urinadi.
Tanqidchi serialning asosiy ustunliklari sifatida Julia Garner va Entoni Boylning aktyorlik mahoratini taʼkidlaydi. Garner Ellison xarakterining oʻziga xos jihatlarini ishonarli tarzda yetkazadi, Boyl esa Bankman-Fridning bir vaqtning oʻzida jozibali hamda jirkanch tuyuladigan oʻziga ishonganligini koʻrsatadi. Kompaniyaning sobiq xodimi rolidagi Aleks Louterning ijrosi ham alohida qayd etiladi.
Biroq hikoyaning romantik jihati uning salbiy tomoniga ham ega. Bosh qahramonlar oʻrtasidagi munosabatlarga eʼtibor qaratgan ijodkorlar FTXʼdan zarar koʻrgan mijozlar, birjaning qulashi oqibatlari va kompaniyaning bunchalik tez oʻsishiga imkon bergan sharoitlarga yetarlicha eʼtibor bermaydi. Natijada moliyaviy mojaroning koʻlami ikkinchi planga suriladi.
Shu kamchilikka qaramay, «Altruistlar» kriptovalyuta olamidagi eng shov-shuvli voqealardan biriga noodatiy nuqtayi nazarni taklif etadi: serial shaxsiy munosabatlar haqidagi dramani keng koʻlamli moliyaviy firibgarlik haqidagi hikoya bilan uygʻunlashtiradi.





