Kianu Rivz bosh roldagi «Jon Uik» animatsion prequeli ishlab chiqilmoqda
Aktyor Kianu Rivz ilk film voqealaridan oldingi animatsion filmda Jon Uik rolini yana ijro etadi. Rejissyor Shennon Tindl boʻladi.

Animatsion loyiha ishlab chiqilmoqda va unda Jon Uikning birinchi film voqealaridan oldingi hayoti hikoya qilinadi. Rivz Oliy stol oldidagi majburiyatlaridan xalos boʻlish va sevgilisi Helen bilan birga boʻlish huquqini qoʻlga kiritish uchun «Bajarib boʻlmas topshiriq»ni ado etishi kerak boʻlgan yollanma qotilga yana ovoz beradi.
Filmni Thunder Roadʼdan Bazil Ivanik va Erika Li, 87Eleven Entertainmentʼdan Chad Stahelski hamda Rivz prodyuserlik qiladi. Ularga Point Grey ham qoʻshiladi. Loyiha rejissyori, ssenariy muallifi va prodyuseri «Ultraman: Yuksalish» hamda «Kubo. Samuray afsonasi» asarlari bilan tanilgan Shennon Tindl boʻladi.
Ssenariyni «Abadiylar» ustida ishlagan Rayan va Kaz Firpo yozadi. Animatsiya uchun masʼul studiya hozircha rasman eʼlon qilinmagan. Filmning chiqish sanasi ham hozircha rasman eʼlon qilinmagan.





