Bruno Mars otasi 74 yoshida vafot etganini maʼlum qildi
Xonanda otasi bilan vidolashib, uning hayoti va musiqiy faoliyatida qanday rol oʻynagani haqida soʻzlab berdi.

Bruno Mars otasi Piter Ernandes 74 yoshida vafot etganini maʼlum qildi. 19-noyabr, payshanba kuni xonanda Instagramʼda shifoxona palatasida birga tushgan suratni eʼlon qilib, otasi haqidagi xotiralari bilan boʻlishdi.
Sanʼatkorning soʻzlariga koʻra, u oʻtgan hafta otasini soʻnggi marta quchoqlashga ulgurgan. Mars uni dunyodagi eng buyuk ota deb atab, unga, ayniqsa, musiqa sohasida oʻrgatgan barcha narsalari uchun minnatdorchilik bildirdi. Xonanda, shuningdek, bir kuni ular yana uchrashishiga umid bildirdi.
Piter Ernandes musiqachi boʻlgan va oʻgʻlining ijodiy qobiliyatlarini yoshligidanoq qoʻllab-quvvatlagan. U 2014-yilda Midweek nashriga bergan intervyusida Brunoning har doim eʼtibor markazida boʻlishga intilgani va televizorda koʻrgan sanʼatkorlariga taqlid qilganini eslagan.
Marsning oʻzi 2016-yilda «60 Minutes» dasturida bolaligi oson kechmaganini aytgan: ota-onasi ajrashganidan keyin oila koʻpincha kamtarona sharoitlarda yashagan. Biroq, musiqachining soʻzlariga koʻra, yaqinlari doimo birga boʻlgan.
Ijrochining taʼkidlashicha, aynan shu tajriba unga Gollivudda musiqiy faoliyat qurish uchun zarur boʻlgan qatʼiyatni rivojlantirishga yordam bergan.
Piter oʻgʻlining muvaffaqiyatlarini faxr bilan kuzatib borgan, biroq Bruno jahon miqyosida shuhrat qozonganidan keyin ham uni oʻzining kichkina bolasi deb bilishda davom etgan. U boshqa farzandlari haqida ham iliq fikrlar bildirgan va ularning yutuqlarini imkon qadar uzoqroq kuzatib borishga umid qilgan.





