Kristofer Nolanning «Odisseya» filmi kutilmaganda «Persi Jekson va olimpiyachilar» serialining mashhurligini oshirdi
Serial ijodkorlari Nolan filmi chiqqanidan keyin tomoshalar soni keskin oshganini payqadi, uchinchi mavsum esa yangi qahramonlarni tanishtiradi.

Kristofer Nolanning «Odisseya» filmi qadimgi yunon mifologiyasiga qiziqishni kuchaytirdi va Disney+ platformasidagi «Persi Jekson va olimpiyachilar» serialiga yangi auditoriyani jalb etishga yordam berdi. Bu haqda loyiha shouranneri Den Shotts IGN nashriga bergan intervyusida aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, serial jamoasi tomoshabinlar Qadimgi Yunoniston miflari bilan bogʻliq boshqa asarlarni faol izlayotgan paytda koʻrishlar soni sezilarli oshganini payqagan. Xususan, koʻpchilik Rik Riordanning «Mahluqlar dengizi» kitobi asosida ishlangan ekranizatsiyaning ikkinchi mavsumini kashf etgan. Bu hikoya umumiy syujet motivlari va adabiy manba — Gomer eposi tufayli «Odisseya» bilan koʻp jihatdan oʻxshash.
Shotts, shuningdek, Odissey va Persi Jeksonning ekrandagi sayohatlari noodatiy tarzda taqqoslanganini qayd etdi. Internetda Persi atigi yetti kunda shunga oʻxshash yoʻlni bosib oʻtishga muvaffaq boʻlgani va buni ancha samaraliroq bajargani haqida memlar paydo boʻldi.
Serialga qoʻshimcha qiziqish uning dastlabki ikki mavsumi Netflix katalogida paydo boʻlganidan keyin yuzaga keldi. Ular platformadagi eng ommabop loyihalar qatoridan tezda joy oldi.
«Persi Jekson va olimpiyachilar»ning uchinchi mavsumi turkumning uchinchi kitobi — «Titan laʼnati»ni ekranlashtiradi. Voqealar yanada qorongʻi tus oladi va xudolar bilan titanlar oʻrtasidagi qarama-qarshilik markazida qoladigan Persi, Annabet va Grouverning yangi sarguzashti haqida hikoya qiladi.
Uoker Skobell, Aryan Simxadri va Lia Jeffris oʻz rollariga qaytadi. Yangi aktyorlar orasida Niko di Anjelo rolidagi Levi Krisopulos, Artemida obrazidagi Dafni Kin, Afrodita rolidagi Keyt Makkinnon, Gera obrazidagi Min-Na Ven hamda Atlas roli berilgan Holt Makkellani bor.
Uchinchi mavsum premyerasi 20 noyabrga rejalashtirilgan. Biroq Disney hozircha serialni toʻrtinchi mavsumga uzaytirish haqida eʼlon qilmagan.





