Devid Uollyams The Guardian va ITN ga qarshi sudda tergovni eʼlon qilishni taqiqlashga urinish sabab yutqazdi
Buyuk Britaniya Oliy sudi komik aktyorga qoʻyilgan ayblovlar haqidagi materiallarni eʼlon qilishga muddatsiz taqiq joriy etishdan bosh tortdi.

Britaniyalik komik va aktyor Devid Uollyams unga qoʻyilgan ayblovlar haqidagi jurnalistik tergovni eʼlon qilishni muddatsiz taqiqlatishga uringan sud ishida yutqazdi. Buyuk Britaniya Oliy sudi qaroridan soʻng The Guardian va ITN uning ismini oshkor qilish hamda materiallarni eʼlon qilish imkoniga ega boʻldi.
Uollyamsning himoyasi tergovning eʼlon qilinishi uning hayotiga tahdid tugʻdirishi, sudning bunga ruxsat berishi esa inson huquqlarining buzilishi boʻlishi mumkinligini taʼkidladi. Biroq sudya Niklin aktyorning xavfsizligi uchun javobgarlik sud organiga emas, tibbiyot mutaxassislari va u kuzatuv ostida boʻlgan shifoxonaga yuklanishini belgiladi.
Sud OAVning soʻz erkinligiga boʻlgan huquqi hamda tergovning jamoatchilik uchun ahamiyatini ham hisobga oldi. Shu bilan birga, sudya eʼlon qilingan maʼlumotlar yolgʻon boʻlib chiqsa, Uollyams tuhmat yuzasidan daʼvo bilan murojaat qilishi mumkinligini qayd etdi.
Qaror chiqarilganidan soʻng aktyorga apellyatsiya uchun asoslarni taqdim etish maqsadida dushanbagacha vaqt berildi. Biroq zarur hujjatlar shu vaqtgacha kelib tushmadi, shu sababli The Guardian va ITN tergovni eʼlon qilish imkoniga ega boʻldi.
Uollyamsning oʻzi jinsiy yirtqich emasligini va qonunni buzmaganini aytdi. 2017-yilda bir necha ayol uni jinsiy taʼqib va nomaqbul xatti-harakatlarda ayblagan. Aktyor daʼvogarlardan biridan ochiqchasiga uzr soʻragan, biroq oʻsha paytda uning advokati ayblovlarni yolgʻon deb atagan.
Sud ishida ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqalishi muammosiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Sud cheklovlariga qaramay, foydalanuvchilar komikning ismini faol muhokama qildi. Bu esa, ayniqsa axborot tarqalishini tezlashtirayotgan algoritmlar va sunʼiy intellektni hisobga olganda, internetda bunday taqiqlarni ijro ettirish mumkinmi, degan savolni yana kun tartibiga olib chiqdi.





