Mayli Sayrus Grammy nominatsiyasidan soʻng Dolly Partonga taʼsirchan murojaat bagʻishladi
Mayli Sayrus ularning birgalikdagi qoʻshigʻi Grammy mukofotiga nomzod boʻlganidan soʻng Dolly Parton xotirasini yodga oldi.

Mayli Sayrus oʻzining choʻqintirgan onasi Dolly Parton xotirasini ularning birgalikdagi “Light of a Clear Blue Morning” qoʻshigʻi “Grammy-2027” mukofotining “Duet yoki guruh ijrosidagi eng yaxshi kantri ijrosi” nominatsiyasiga kiritilganidan soʻng yodga oldi.
16 noyabr kuni nomzodlar eʼlon qilingach, Sayrus Instagramʼda Parton 1976-yilda chiqargan “New Harvest … First Gathering” albomining vinil plastinkasi suratini eʼlon qildi. Xonanda bu plastinkani Rojdestvo bayramida choʻqintirgan onasidan sovgʻa sifatida olganini aytib, Dollyni musiqa tarixidagi eng buyuk qoʻshiq mualliflaridan biri deb atadi.
Sayrus, shuningdek, kompozitsiyaning yangi talqini uchun vokal yozgan studiyadagi videosini ham ulashdi. Reliz 2026-yil yanvarida Partonning 80 yilligi munosabati bilan chiqdi. Yozuvda Layni Uilson, Kuin Latifa va Riba MakIntayr ham ishtirok etdi. Qoʻshiq Vanderbilt universiteti qoshidagi Monroe Carell Jr. kasalxonasida bolalar saratonini tadqiq etish uchun mablagʻ toʻplashga yordam berdi.
Dolly Parton kompozitsiya chiqqanidan taxminan sakkiz oy oʻtib vafot etdi. Sayrus muhim paytlarda choʻqintirgan onasining qoʻngʻiroqlari yetishmasligini, biroq uning borligini hanuz his qilayotganini aytdi.
Parton faoliyati davomida jami 58 marta “Grammy” nominatsiyasiga ega boʻlgan va 10 ta mukofotni qoʻlga kiritgan. Boʻlajak marosimda u Zac Brown Band guruhining “Butterfly” qoʻshigʻidagi ishtiroki hamda “Star of the Show: My Life on Stage” kitobining audio talqini uchun ham nomzodlar qatoridan joy olgan.
“Grammy-2027” marosimi 7 fevral kuni boʻlib oʻtadi. Nominatsiyalar soni boʻyicha RAYE 11 ta nominatsiya bilan yetakchilik qilmoqda, undan keyin toʻqqizta nominatsiya bilan Rosaliya turibdi.





