Kristofer Nolan «Odisseya» filmidan neyron tarmoqlarini oʻqitishda foydalanishni taqiqladi
Rejissyorning yangi filmi titrlarida kartinadan sunʼiy intellekt uchun oʻquv maʼlumotlari sifatida foydalanishga qarshi ogohlantirish paydo boʻldi.

Kristofer Nolan huquq egalari ruxsatisiz Gollivud filmlaridan generativ sunʼiy intellektni oʻqitishda foydalanishga qarshi chiqdi. Rejissyor Hollywood Insiders podkastiga bergan intervyusida yangi «Odisseya» filmi yakuniy titrlariga undan neyron tarmoqlarini oʻqitishda foydalanishni taqiqlovchi maxsus band kiritilganini aytdi.
Amerika Rejissyorlar gildiyasiga rahbarlik qilayotgan rejissyorning fikricha, kinostudiyalar mualliflik huquqlarini faolroq himoya qilishi kerak, chunki rejissyorlarning oʻzi koʻpincha oʻz asarlariga boʻlgan huquqlarga ega boʻlmaydi. Nolan texnologik kompaniyalarning himoyalangan materiallardan foydalanishni halol foydalanish tamoyili bilan oqlashga urinishlarini ham tanqid qildi.
Rejissyorning fikricha, huquq egalari ruxsatisiz filmlar sunʼiy intellektni oʻqitish materiali boʻlmasligi kerak. Ijodiy asarlarni himoya qilish uchun esa keyingi sud jarayonlari va qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish talab etiladi.





