Gart Bruks Nashvilldagi eng qadimgi mustaqil radiostansiyaning radiochastotasini sotib olmoqda
Musiqachi 101.1 radiochastotasini kantri musiqasi uchun yangi platformaga aylantirmoqchi.

Gart Bruks Nashvilldagi mustaqil Lightning 100 radiostansiyasi efir uzatayotgan 101.1 radiochastotasini sotib olish boʻyicha kelishuvga erishdi. Bitim xonandaga tegishli Sevens Network kompaniyasi orqali amalga oshiriladi va AQSh Federal aloqa komissiyasining (FCC) maʼqullashini talab qiladi.
Bitim yakunlangach, Lightning 100 106.3 va 102.5 HD3 chastotalariga koʻchadi. Hozircha radiostansiya avvalgi chastotasida efir uzatishda davom etadi. Bruks sotib olinayotgan platformadan taniqli ijrochilar va endigina faoliyat boshlayotgan musiqachilarni birlashtiradigan yangi kantri kanalini yaratish uchun foydalanmoqchi.
Bu xonandaning oʻz radio loyihalarini rivojlantirishga ilk urinishi emas. 2023 yilda u TuneIn platformasida Big615 kanalini ishga tushirgan, biroq hamkorlik sentyabr oyida yakunlangan. Avvalroq Bruks 2014–2017 yillarda faoliyat yuritgan GhostTunes musiqiy xizmatiga ham asos solgan. Keyinchalik sanʼatkor Amazon striming xizmati bilan eksklyuziv kelishuv tuzgan.
Lightning 100 esa yangi chastotalarda original dasturlarini saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Ular qatorida Nashville Sunday Night jonli konsertlarining haftalik translyatsiyasi, musiqa industriyasiga bagʻishlangan Music Business Radio dasturi va mahalliy ijrochilarga bagʻishlangan The 615 shousi bor.
Radiostansiya avgust oyida Live on the Green musiqa festivalining 2027 yilda qaytishini ham eʼlon qilgan edi. Chastota oʻzgargach, u Lightning 100 nomini saqlab qoladimi yoki yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.





