Sunʼiy intellekt aktrisasi Tilli Norvudni yaratgan Eline Van der Velden “Sherlar qiroli” rejissyori bilan yangi filmini taqdim etdi
Eline Van der Velden sunʼiy intellekt yordamida va real aktyorlar ishtirokida yaratilgan “Shamol itlari” (Storm Dogs) filmidan parchani namoyish etdi.

Virtual aktrisa Tilli Norvudni yaratgan Eline Van der Velden Londonda boʻlib oʻtgan British Screen Forum tadbirida oʻzining yangi loyihasi — Storm Dogs filmini taqdim etdi. Filmga “Sherlar qiroli” multfilmi bilan tanilgan Rob Minkoff rejissyorlik qilgan. Van der Velden kartinadan parchani namoyish etib, uni yaratish jarayoni haqida soʻzlab berdi.
Particle6 studiyasi rahbarining aytishicha, filmda real aktyorlar bilan suratga olish ishlari sunʼiy intellekt texnologiyalari bilan uygʻunlashgan. Uning hazil bilan taʼkidlashicha, personaj-bolalar va itlarni yaratishda sunʼiy intellektdan foydalanish suratga olish maydonchasidagi ishlarni ancha yengillashtirgan. Jamoa, shuningdek, kinoijodkorlar uchun maxsus texnologik platforma ishlab chiqqan.
Van der Velden sunʼiy intellekt ishlab chiqarish budjetini taxminan 50 foizga qisqartirishi mumkin, deb hisoblaydi, biroq xarajatlardan butunlay voz kechib boʻlmasligini aytdi. U yangi texnologiyalar rivojlanayotganiga qaramay, real aktyorlarni ekranga qaytarishga intilayotganini ham taʼkidladi.
Tilli Norvud yaratuvchisi virtual aktrisa kino industriyasida sunʼiy intellektni tartibga solish haqidagi munozaraga eʼtibor qaratishga yordam berganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Norvud sunʼiy intellektning kinoga joriy etilishi bilan bogʻliq xavotirlarni aks ettirdi.





