Bryus Springstin Western Stars albomidagi qoʻshiqlarni ilk bor ommaviy konsertda ijro etdi
Musiqachi albom chiqqanidan yetti yil oʻtib uning qoʻshiqlarini taqdim etdi. U avval bu kompozitsiyalarni jamoatchilik uchun ochiq chiqishlariga biror marta ham kiritmagan edi.

Bryus Springstin Western Stars albomidagi qoʻshiqlarni ilk bor jamoatchilik uchun ochiq konsertda ijro etdi. Chiqish dushanba kuni Nyu-Yorkdagi David Geffen Hall zalida oʻtkazilgan Stand Up For Heroes xayriya kechasida boʻlib oʻtdi. Akustik dasturdan «Hello Sunshine» va «Moonlight Motel», shuningdek, «Iʼll Work for You Love» hamda «Dancing in the Dark» kompozitsiyalari joy oldi.
Tadbirni 20 yil davomida faxriylar va ularning oilalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 123 mln dollar toʻplagan Bob Woodruff Foundation jamgʻarmasi tashkil etdi. Musiqiy chiqishlardan tashqari, Springstin tomoshabinlarni hazillari bilan ham xushnud etdi. Kechaning boshqa ishtirokchilari orasida Jon Styuart, Hasan Minhaj, Josh Johnson va Aleks Uorren ham bor edi.
2019 yilda musiqachi Western Stars albomini Nyu-Jersidagi fermasidagi omborda oʻtkazilgan maxsus konsertda toʻliq ijro etgan. Yozuv shu nomdagi konsert filmi uchun asos boʻldi. Biroq oʻsha chiqish keng jamoatchilik uchun ochiq emas edi.
2025 yilda Springstin ushbu albomdagi qoʻshiqlar E Street Band guruhi bilan oʻtkaziladigan katta konsertlar formatiga mos kelmasligini tushuntirgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu materialni ijro etish uchun alohida orkestr bilan gastrol unga koʻproq mos kelgan boʻlardi.
Hozirda sanʼatkor ikkita yakkaxon albom ustida ishlamoqda. Ulardan biri allaqachon yakunlangan, ikkinchisini esa musiqachi oldinroq chiqarishni rejalashtirmoqda. Springstin gastrol safarlariga qaytish ehtimolini ham istisno qilmayapti, biroq 140 ta konsertdan iborat uzoq gastrolni rejalashtirmayapti. Buning oʻrniga u turli shaharlarda qisqaroq chiqishlar turkumini oʻtkazishni istaydi.





