«Moviy qon» va «Qochish» seriallari yulduzi, aktyor Steysi Kich vafot etdi
Amerikalik aktyor Steysi Kich 10 noyabr kuni 85 yoshida vafot etdi. Bunga yurak bilan bogʻliq muammolar sabab boʻlgan.

Aktyorning vafot etgani haqida uning rafiqasi Malgoshya Tomassi Kich maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, aktyor uzoq davom etgan ogʻir yurak xastaligi va yurak yetishmovchiligi bilan kurashganidan soʻng Polshaning Magdalenka shahridagi oilaviy uyida vafot etgan. Rafiqasi vidolashuv murojaatida erini haqiqiy kurashchi deb atab, oilasiga koʻrsatgan muhabbati va gʻamxoʻrligi uchun unga minnatdorlik bildirdi.
Kich 1980–1990-yillardagi televizion loyihalarda yozuvchi Mikki Spillayinning asarlari qahramoni — xususiy detektiv Mayk Hammer rolini ijro etib, keng tanildi.
Aktyor faoliyati davomida «Qochish», «Moviy qon» va «Qora roʻyxat» seriallarida ham rollar ijro etgan. «Qora roʻyxat» serialida u Jeyms Speyder bilan birga Robert Vesko obrazini gavdalantirgan, «Moviy qon»da esa Nyu-York arxiyepiskopi rolida koʻringan.
Kichning toʻliq metrajli filmlari qatoriga «Semiz shahar», «Toʻqqizinchi konfiguratsiya» va «Amerika tarixi X» kiradi. Ernest Heminguey rolini ijro etgani uchun u «Oltin globus» mukofotini olgan, «Hindular» spektaklidagi ijrosi uchun esa «Toni» mukofotiga nomzod boʻlgan.
Kich 1941 yilda Jorjiya shtatining Savanna shahrida tugʻilgan. U Berkli shahridagi Kaliforniya universitetida va Yel drama maktabida aktyorlik mahoratini oʻrgangan, shuningdek, London musiqa va dramatik sanʼat akademiyasida tahsil olgan. 2015 yilda uning nomi Amerika teatri shon-shuhrat zaliga kiritilgan.
Aktyordan rafiqasi va ikki farzandi — Shennon va Karolina qoldi. 2019 yilda Kich Gollivuddagi «Shon-shuhrat xiyoboni»da yulduzga ega boʻlgan.





