Britney Spears oilasidan omma oldida uzr soʻradi va yaqinlarini sogʻinayotganini tan oldi
Xonanda eski oilaviy nizolarni yana omma oldida koʻtarganidan afsusdaligini aytdi va yaqinlari bilan munosabatlarini yaxshilashni istashini bildirdi.

Britney Spears ijtimoiy tarmoqlarda oʻtmishdagi nizolarni yana tilga olgani uchun oila aʼzolaridan omma oldida uzr soʻradi. Xonanda 21 noyabrdagi postida oʻz soʻzlaridan afsusdaligini tan olib, xatti-harakatini bolalarcha va noqulay deb atadi.
Xonanda ogʻriqli xotiralari haqida gapirganida, ehtimol, oʻz his-tuygʻularini himoya qilishga uringanini tushuntirdi. Shu bilan birga, bu kechinmalarini qarindoshlari bilan hech qachon shaxsan muhokama qilmaganini taʼkidladi. «Men ularni juda qattiq sogʻinyapman! Bundan juda afsusdaman!» — deb yozdi Spears. U shunday ajoyib oilaga ega ekanini baxt deb bilishini ham qoʻshimcha qildi.
Xonandaning yaqinlari bilan munosabatlari 2021-yil noyabrida yakunlangan koʻp yillik vasiylikdan keyin ham tarangligicha qolmoqda. Britney boshdan kechirganlari haqida, jumladan, «Ichimdagi ayol» memuarida bir necha bor soʻzlagan. Kitobda vasiylik uning hayoti va yaqinlari bilan munosabatlariga qanday taʼsir qilgani tasvirlangan. 2022-yilda u singlisi Jamie Lynnʼga oʻzi haqidagi bayonotlarni toʻxtatishni talab qilib xat ham yuborgan.
Soʻnggi yillarda opa-singillar yaqinlashishga urinib kelishdi. Jumladan, 2023-yilda Britney Jamie Lynn ishtirok etgan «Zoey 102» filmi suratga olinayotgan maydonga bordi. Xonanda yangi murojaatida oilaviy aloqalarni tiklash istagini yana bir bor bildirdi.





