Pol Makkartni milliarderga aylandi: musiqachining boyligi $1,4 mlrddan oshdi
The Beatles guruhining sobiq aʼzosi musiqiy huquqlar va konsert faoliyati hisobiga dunyoning eng boy musiqachilari uchligidan joy oldi.

Britaniyalik musiqachi Pol Makkartni rasman milliarderga aylandi. Forbes maʼlumotlariga koʻra, uning boyligi $1,4 mlrddan oshgan. Shu tariqa 84 yoshli sanʼatkor dunyoning eng boy ijrochilari orasida uchinchi oʻrinni egalladi.
Makkartnidan yuqorida boyligi $2,8 mlrd boʻlgan Jay-Z va boyligi $2 mlrd deb baholanayotgan Teylor Svift joylashdi. Bu haqda Billboard xabar berdi.
Musiqachining asosiy daromad manbalaridan biri mualliflik va nashriyot huquqlaridir. Sud jarayonlari va kelishuvlar qayta koʻrib chiqilgach, Makkartni The Beatles katalogiga boʻlgan huquqlarning bir qismini qaytarishga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik u MPL Communications nashriyot kompaniyasiga asos soldi. Kompaniya Blue Christmas va Blue Suede Shoes kabi qator mashhur qoʻshiqlarga boʻlgan huquqlarni sotib oldi.
Konsert gastrollari ham katta daromad keltiradi. Billboardning 2022 yilga oid maʼlumotlariga koʻra, Makkartni konsertlaridan tushgan jami daromad $1 mlrddan oshgan.
The Beatles guruhining musiqiy merosi sanʼatkorga hanuz daromad keltirmoqda. Guruh Billboard Hot 100 reytingida birinchi oʻrinni egallagan kompozitsiyalar soni boʻyicha rekord oʻrnatgan — 20 ta qoʻshiq. Jamoa 1970 yilda tarqalganidan soʻng Makkartni Wings guruhiga asos soldi va yakkaxon faoliyatini davom ettirdi.





