Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Juma, 27-noyabr 2026-yilOʻzbekistonRUUZEN
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Kino

Jennifer Lourens, Josh Xatcherson va Vudi Xarrelson yangi «Ochlik oʻyinlari» filmining finalida paydo boʻldi

«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» filmining epilogi prikvelni original hikoya bilan bogʻladi va tomoshabinlarni tanish qahramonlar oldiga qaytardi.

20-noyabr, 13:21По-русски

Read in English

deadline.com

«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» filmining final sahnasida Jennifer Lourens, Josh Xatcherson va Vudi Xarrelson paydo boʻldi. Aktyorlar yana bir bor Katniss Everdin, Pit Mellark va Haymitch Abernati rollarini ijro etdi — ular ushbu qahramonlarni franshizaning avvalgi toʻrtta filmida ham gavdalantirgan.

Epilog Syuzan Kollinzning xuddi shu nomdagi romani yakuniga hamohang boʻlib, prikvel voqealarini original trilogiya bilan bogʻlaydi. Katniss va Pit Haymitchni tugʻilgan kuni bilan tabriklaydi. Bu lavha uning sevgilisi Lenor Davning soʻnggi istagi amalga oshganini anglatadi: bir kuni quyosh navbatdagi Hosil marosimining boshlanishidan darak bermaydigan tugʻilgan kunni kutib olish. 50-Ochlik oʻyinlaridagi gʻalabasidan keyin Haymitch Kapitoliy zulmi qulaguniga qadar yana 25 yil kutishiga toʻgʻri kelgan.

Finalda Haymitch Lenorni yod etib boqayotgan gʻozlarini ovqatlantirish uchun yoʻl oladi. U Katniss va Pitga birgalikda kurashgani uchun minnatdorlik bildiradi, ular esa diktaturani agʻdarishdagi hissasi uchun unga rahmat aytadi.

Hozircha franshiza yangi filmlar bilan davom etadimi yoki yoʻqmi, nomaʼlum. Bu koʻp jihatdan Kollinzning adabiy turkumga qaytish haqidagi qaroriga bogʻliq. Muxlislar Finnik Odairning birinchi Ochlik oʻyinlaridagi tarixi bilan qiziqmoqda, rejissyor Fransis Lourens va aktyor Jozef Zada esa Plutarxning oʻtmishi hamda sirli 13-okrug tarixini batafsilroq ochib berishni xohlashgan boʻlardi. Biroq muallif odatda «Ochlik oʻyinlari» olamiga faqat aytadigan gapi boʻlganidagina qaytadi. «Hosil tongi»ning finali ushbu hikoyaning yakuniga aylanishi mumkin.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media