Vanessa Kirbi «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmiga Marvel komikslaridagi sahnani qoʻshishga yordam berdi
Aktrisa rejissyorlar Entoni va Jo Russoga Syu Storm, Rid Richards va Doktor Dum oʻrtasidagi munosabatlarga oid gʻoyani taklif qildi.

«Fantastik toʻrtlik» hamda ekranlarga chiqishi kutilayotgan «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmida Koʻrinmas ayol rolini ijro etgan Vanessa Kirbi Marvelʼning yangi filmidagi original komikslarga ayniqsa yaqin boʻlgan sahna haqida gapirdi.
Aktrisaning soʻzlariga koʻra, u rejissyorlar Entoni va Jo Russoga oʻzi murojaat qilib, taklif bilan chiqdi va oxir-oqibat bu taklif amalga oshdi. Kirbi epizod tafsilotlarini oshkor qilmadi, biroq u Syu Storm, Rid Richards va Viktor fon Dum oʻrtasidagi munosabatlarga bogʻliqligini aytdi.
«Menga Syu, Rid va Dum oʻrtasidagi munosabatlar juda yoqardi. Men komikslardan ular aks etgan juda koʻp suratlarni yigʻib, Russolarga yubordim», — dedi aktrisa.
«Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmida Marvelʼning bir nechta mashhur jamoalari qahramonlari Doktor Dumga qarshi turish uchun birlashadi. Yovuz qahramon rolini avval ekranda Temir odam obrazini gavdalantirgan kichik Robert Dauni ijro etadi. Syujetga koʻra, u oʻz maqsadiga erishish uchun olamlarni yoʻq qilishga intilib, butun boshli olamlarning mavjudligiga tahdid soladi.
Film premyerasi 19-dekabrga rejalashtirilgan.





