Margot Robbie A24 studiyasining Kristoffer Borgli rejissyorligidagi yangi filmida rol ijro etadi
Aktrisa «The Week of Pain» filmida bosh rolni oldi. Filmni suratga olish ishlari 2027-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Margot Robbie A24 mustaqil studiyasining «The Week of Pain» filmida bosh rolni ijro etadi. Loyihaga norvegiyalik rejissyor Kristoffer Borgli rejissyorlik qiladi va ssenariy yozadi. U «Buni drama desa boʻladi!» filmi bilan tanilgan.
A24 filmni moliyalashtiradi va uning ishlab chiqarish ishlari bilan shugʻullanadi. Loyiha ishtirokchilari qatorida Ari Aster va Lars Knudsen asos solgan Square Peg prodyuserlik kompaniyasi, Dilemma Films hamda Robbiega tegishli LuckyChap Entertainment ham bor.
Syujet tafsilotlari va filmning qolgan aktyorlar tarkibi hozircha oshkor etilmagan. Suratga olish ishlari 2027-yilda boshlanishi rejalashtirilgan, premyera sanasi esa nomaʼlum.
Kristoffer Borglining Zendaya va Robert Pattinson ishtirokidagi avvalgi «Buni drama desa boʻladi!» filmi toʻyga tayyorgarligi kutilmagan iqror tufayli murakkablashgan juftlik haqida hikoya qiladi. Taxminan 28 million dollar budjet bilan suratga olingan film jahon prokatida qariyb 135 million dollar daromad keltirgan.
Bu loyiha Robbie uchun A24 studiyasi bilan aktyorlik sohasidagi ilk hamkorlik boʻladi. Shu bilan birga, u oʻzining LuckyChap Entertainment prodyuserlik kompaniyasini rivojlantirishda davom etmoqda.





