Ella Langley «Choosin’ Texas» qoʻshigʻi bilan Billboard Hot 100 rekordini oʻrnatdi
Kantri xiti AQSh chartida 29 haftadan beri yetakchilik qilib, boshqa ijrochilarning avvalgi natijalaridan oʻzib ketdi.

Amerikalik kantri xonandasi Ella Langleyning «Choosin’ Texas» qoʻshigʻi Billboard Hot 100 chartidagi yetakchiligini rekord darajadagi 29 haftagacha uzaytirdi. Kompozitsiya 1958 yildan beri yuritib kelinayotgan chart tarixida birinchi oʻrinda eng uzoq qolgan qoʻshiq boʻldi.
Xonandaning yaqinda Country Music Association Awards marosimidagi yutuqlari ham bu muvaffaqiyatga hissa qoʻshdi. 18 noyabr kuni Langley oltita mukofot, jumladan, eng asosiy — «Yil artisti» mukofotini oldi. Uning qoʻshigʻi «Yil singli», «Yil qoʻshigʻi» va «Yil musiqiy videosi» nominatsiyalarida ham gʻolib boʻldi, «Dandelion» albomi esa yil albomi deb topildi. Bundan tashqari, xonanda «Grammy» mukofotiga yettita nominatsiyani qoʻlga kiritdi.
Endi Langley bir kalendar yilida Billboard Hot 100 chartida birinchi oʻrinda boʻlish haftalari soni boʻyicha Drake bilan rekordni boʻlishmoqda. Har ikki ijrochi 29 haftalik yetakchilikka erishgan: kanadalik repper bunday natijani 2018 yilda oʻzining uchta hiti tufayli qayd etgan.
Shu bilan birga, «Choosin’ Texas» yana bir tarixiy natijaga erishdi: kompozitsiya kantri charti Hot Country Songs tepasida 50 hafta turdi. Bu Bebe Rexha va Florida Georgia Line ijrosidagi «Meant to Be» qoʻshigʻi rekordining takrorlanishidir.
13–19 noyabr kunlarini qamrab olgan hisobot haftasida kompozitsiya AQShda 16,9 mln rasmiy tinglanishga ega boʻldi, 45,5 mln radio tinglovini oldi va 6000 nusxada sotildi.





