Kris Hemsvortning uyiga oʻgʻrilar bostirib kirib, uchta avtomobilni olib qochdi
Aktyor va uning rafiqasi Elza Pataki kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni koʻrgach, tunda uyga bostirib kirilganidan qolgan izlarni aniqlashdi.

Kris Hemsvort va uning rafiqasi Elza Patakining Avstraliyadagi hashamatli uyiga oʻgʻrilar bostirib kirdi. People nashri xabariga koʻra, tungi soat ikki atrofida balaklava kiygan toʻrt nafar nomaʼlum shaxs toʻsiqdan oshib oʻtib, garaj tomon yoʻl olgan.
Elzani itlarning baland hurishi uygʻotdi, biroq u uyga bostirib kirilganini gumon qilmay, yana uxlashga yotdi. Er-xotin voqeadan faqat ertalab, videokuzatuv kameralaridagi yozuvlarni koʻrgach xabar topdi. Manbalarga koʻra, tajovuzkorlarning ikki nafari pichoqlar bilan qurollangan boʻlishi mumkin.
Oʻgʻrilar uy ichida qoldirilgan kalitlardan foydalanib, uchta avtomobilda qochib ketgan. Yozuvlarni koʻrgach, Hemsvort va Pataki politsiyaga murojaat qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hududni koʻzdan kechirib, tergovni boshladi.
Oila aʼzolarining hech biri jabrlanmadi. Keyinroq politsiya olib qochilgan uchta avtomobilning barchasini topishga muvaffaq boʻldi.





