ATEEZ GOLDEN HOUR: Part.6 albomi bilan Billboard 200 reytingida toʻrtinchi bor yetakchilik qildi
Janubiy koreyalik guruhning yangi relizi AQShda 195 mingta ekvivalent albom birligi bilan debyut qildi.

Janubiy koreyalik ATEEZ guruhi GOLDEN HOUR: Part.6 mini-albomi bilan AQShning Billboard 200 albomlar chartida birinchi oʻrinni egalladi. Ushbu reliz jamoa uchun reytingdagi toʻrtinchi yetakchilik boʻldi. Shuningdek, u 2018 yildan beri chart choʻqqisiga chiqqan K-pop ijodkorlarining 27-albomi yoki mini-albomiga aylandi.
AQShdagi ilk haftasida plastinka 195 mingta ekvivalent albom birligini toʻpladi. Bu 2026 yil avgustida 369 ming birlik jamgʻargan Stray Kids guruhining This & That albomi debyutidan beri barcha musiqiy relizlar orasidagi eng yaxshi haftalik natijadir.
K-pop ijodkorlarining Billboard 200 reytingida birinchi oʻringa chiqqan albomlari soni boʻyicha Stray Kids toʻqqizta reliz bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda yettita reliz bilan BTS va toʻrtta reliz bilan ATEEZ bormoqda. Yana besh jamoa — BLACKPINK, TWICE, NewJeans, ENHYPEN va TOMORROW X TOGETHER — oʻz relizlari bilan chart choʻqqisiga erishgan.
Billboard 200 reytingida birinchi oʻringa chiqqan ilk K-pop albomi 2018 yil iyunida BTS guruhining Love Yourself: Tear albomi boʻlgan. Shundan beri ushbu janr vakillari reytingning yuqori pogʻonasini muntazam egallab kelmoqda. 2026 yilda GOLDEN HOUR: Part.6 birinchi oʻringa chiqqan beshinchi K-pop reliziga aylandi va 2023 yilgi rekordni takrorladi.





