«Garri Potter» seriali rejissyori HBO ekranlashtirishi filmlardan nimasi bilan farq qilishini tushuntirdi
Mark Maylod dekoratsiyalar ustidagi ish, Durslilar oilasi aʼzolari rollarining kengaytirilishi va 1990-yillar muhitining qayta yaratilishi haqida soʻzlab berdi.

HBOʻning «Garri Potter» seriali rejissyori Mark Maylod yangi ekranlashtirish Warner Bros. kinofranshizasidan nimasi bilan farq qilishini aytib berdi. Uning soʻzlariga koʻra, ijodkorlar avvaldan tomoshabinlarga tanish filmlarni takrorlashga emas, birinchi navbatda Joan Rouling kitoblariga tayanmoqda.
Rejissyor bunga Hogvartsning Katta zalini misol qilib keltirdi. Kitoblarda uning tasviri yetarlicha batafsil berilgan, shu bois ijodiy jamoa muallifning dastlabki gʻoyasini imkon qadar aniq yetkazishga harakat qilgan. Shu bilan birga, ijodkorlar muxlislarning kinoadaptatsiyalarga boʻlgan hissiy bogʻliqligini ham hisobga olib, ayrim hollarda tomoshabinlarga tanish vizual yechimlarni ataylab saqlab qolgan.
Asosiy farqlardan biri sehrgar boʻlmaganlar dunyosining tasviri boʻladi. Durslilar oilasi ishtirokidagi voqealar 1990-yillarga koʻchiriladi, Petuniya xola, Vernon amaki va Dadlining rollari esa kengaytiriladi. Tomoshabinlarni oʻsha davrga xos kiyimlar, katta koʻzoynaklar va zamonaviy texnologiyalarning deyarli toʻliq yoʻqligi kutmoqda.
Maylod voqealar ijtimoiy tarmoqlar va mobil telefonlar paydo boʻlishidan oldingi davrda kechishini taʼkidladi. Bu esa hikoyaga oʻziga xos muhit bagʻishlaydi.
Rejissyor yangi versiyaga hozircha shubha bilan qarayotgan original filmlar muxlislariga ham murojaat qildi. U ijodkorlarning yondashuvi, aktyorlar tarkibi va ssenariysiga baho berish uchun serialga hech boʻlmaganda bir epizod davomida imkon berishni tavsiya qildi.
Mark Maylod «Merosxoʻrlar» seriali va «Menyu» filmi ustidagi ishi bilan tanilgan. «Garri Potter»ning birinchi mavsumi «Falsafa toshi» kitobiga bagʻishlanadi va taxminan 7,5 soatlik ekran vaqtiga ega boʻladi.





