Ariana Grande Robert De Niro va Ben Stillerga «Ota-onalar bilan tanishuv»ning yangi qismida qoʻshildi
Komediya franshizasining toʻrtinchi filmi Focker In-Law deb nomlandi, biroq tanqidchilarning dastlabki sharhlari asosan salbiy boʻldi.

Avvalgi qism ekranlarga chiqqanidan 16 yil oʻtib, «Ota-onalar bilan tanishuv» komediya franshizasi qaytdi. Yangi Focker In-Law filmi Robert De Niro, Ben Stiller, Ouen Uilson va Ariana Grandeni birlashtirdi. Ariana Grande uchun bu loyiha kinodagi navbatdagi eʼtiborga molik ish boʻldi.
Syujet markazida yana Greg Foker (Stiller) turadi. Endi u oʻzi shubha bilan qaraydigan va haddan tashqari gʻamxoʻrlik qiladigan qarindosh roliga tushadi. U oʻgʻli Genrining yangi sevgilisi Oliviyaga (Grande) ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻladi. Olivia yigit bilan Jekning (De Niro) 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan oʻtkaziladigan oilaviy tantanaga keladi. Greg juftlikning ehtimoliy unashtirilishiga xalaqit berishga urinadi va bu bir qator kulgili vaziyatlarga olib keladi.
Film rejissyori va ssenariy muallifi avvalgi uchta film ustida ham ishlagan Jon Hamburg boʻldi. Aktyorlar tarkibidan Teri Polo, Blayt Danner, Skayler Jizondo, Bini Feldstayn va Eduardo Franko ham joy oldi.
Tanqidchilarning dastlabki sharhlari koʻngildagidek boʻlmadi. Sharhlovchilar eski komediya usullarining takrorlanganini va original hazillar yetishmaganini qayd etdi. Shu bilan birga, ular Ariana Grandeni alohida taʼkidlab, aktrisa aktyorlar ansambliga uygʻun qoʻshila olgani va komediya qobiliyatlarini namoyish etganini yozdi. Yana ijobiy baho Ouen Uilsonga berildi: u Kevin Rouli rolini yana ijro etdi.





