Netflix rahbari striming urushi davom etayotganini aytib, yanada koʻproq dadil gʻoyali kontent vaʼda qildi
Ted Sarandosning fikricha, Netflix xit loyihalarni chiqarish samaradorligini oshirishi kerak, kontent moʻlligi davrida esa tomoshabinlarga yanada sifatli hikoyalar zarur.

Netflix kompaniyasining qoʻshma bosh direktori Ted Sarandos kompaniya yetakchilik qilayotganiga qaramay, striming platformalarining auditoriya uchun kurashi davom etayotganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, amerikaliklarning salmoqli qismi hamon anʼanaviy televideniyeni tomosha qilmoqda, shu sababli bozor toʻyinib boʻlishdan hali ancha uzoq. Nielsen maʼlumotlariga koʻra, avgust oyida AQShdagi telekoʻrishning 49,6 foizi striming xizmatlariga toʻgʻri kelgan.
Sarandos Netflix muvaffaqiyatli loyihalarni tez-tez chiqarishi kerakligini taʼkidladi. Peak TV davrida servis «Kartalar uyi» va «Toʻq sariq — mavsum hiti» kabi xitlar orqali obunachilarni jalb qilgan boʻlsa, hozir tomoshabinlarga ulkan miqdordagi kontent orasida yoʻl topish qiyinlashgan. Rahbar kompaniya AQSh bozoridagi natijalarini yaxshilashni istashini tan oldi.
Netflix barcha qisqa muddatli tomoshabin qiziqishlarini qamrab olishga urinishdan koʻra, katta koʻlamli va sifatli hikoyalarga tayanmoqchi. Sarandosning fikricha, sifatsiz kontent oqimi fonida auditoriya puxta ishlangan asarlarni tobora koʻproq qadrlaydi.
Kompaniya ishlab chiqarishda generativ sunʼiy intellektdan, jumladan, ommaviy sahnalardagi statistlar va jangovar lavhalarni yaratishda ham foydalanmoqda. Shuningdek, Netflix uni kontent qidiruvini yaxshilash vositasi sifatida koʻrib chiqmoqda.
Bundan tashqari, Netflix kinoteatrlardagi ishtirokini kengaytirmoqda. Sarandos servisning eng mashhur filmi «K-pop: jin ovchilari»ning davomi keng koʻlamda kinoteatrlarda namoyish etilishini aytdi. Kompaniya oʻz relizlarining kinoteatrlardagi namoyish muddatini ham uzaytirmoqda, jumladan, «Narniya: Sehrgarning jiyani» filmi uchun ham.





