Fall Out Boy yangi singlini taqdim etib, faoliyatidagi eng yirik turnesini eʼlon qildi
Guruh 2027 yilda dunyoning 36 shahrida oʻtkaziladigan keng koʻlamli gastrollar bilan 25 yilligini nishonlaydi. Tur xayrlashuv gastrollari boʻlmaydi.

Fall Out Boy «Aces» nomli yangi singlini chiqarib, uning taqdimotini guruh tarixidagi eng yirik turne haqidagi eʼlon bilan bir vaqtga toʻgʻriladi. Twilight of the Punks Tour deb nomlangan gastrollar 2027 yilda 36 shaharni qamrab oladi. Shuningdek, musiqachilar kelasi yili guruh tuzilganiga 25 yil toʻlishini taʼkidladi.
Yangi kompozitsiya Fall Out Boyʼning 2023 yildagi So Much (For) Stardust albomidan boshlangan guruhga tanishroq rok sadolariga qaytishini davom ettiradi. Qoʻshiqni yozishda Jo Trohmanning xarakterli gitara partiyalari va Endi Xerlining joʻshqin baraban ijrosidan foydalanilgan. Shu bilan birga, guruh frontmeni Patrik Stump va baschi Pit Vens yangi albom ustida ishlayotganini hozircha tasdiqlamadi. Ularning aytishicha, guruh aʼzolari doim musiqa yozadi, ammo materialni yetarlicha kuchli deb hisoblaganlaridagina uni chiqaradi.
Turnening Yevropa qismi 17 may kuni Pragada, Shimoliy Amerika qismi esa 13 iyulda Texas shtatining Arlington shahrida boshlanadi. Shimoliy Amerikadagi konsertlarning aksariyatida Fall Out Boyʼga The Offspring, Good Charlotte va The Story So Far guruhlari qoʻshiladi. Asosiy voqealardan biri Chikagodagi Soldier Field stadionidagi chiqish boʻladi — guruh ilk bor bunday miqyosdagi uy arenasida konsert beradi.
Turne nomiga qaramay, musiqachilar faoliyatini yakunlash niyatida emasligini taʼkidladi. Pit Vens, shuningdek, konsertlarni immersiv elementlarga ega keng koʻlamli vizual tomoshaga aylantirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Bu tomoshabinlarga guruh yaratgan olamga tom maʼnoda shoʻngʻish imkonini beradi.





