«Ramayana» prodyuseri Marvel va DCʼdan ham ustun kela oladigan koinot yaratmoqchi
Namit Malxotra qadimgi hind eposini kino doirasidan tashqariga chiqadigan yirik franshizaga aylantirishni rejalashtirmoqda.

Hindistonning «Ramayana» filmi prodyuseri Namit Malxotra qadimgi eposni yirik koʻngilochar koinotga aylantirmoqchi. U bu haqda Haydarobodda film taqdimoti chogʻida aytib, Marvel, DC va «Yulduzlar jangi» loyihalari oʻzi uchun namuna boʻlganini taʼkidladi.
Malxotraning soʻzlariga koʻra, ikkita toʻliq metrajli film loyiha uchun faqat boshlanish boʻladi. Keyinchalik jamoa boshqa qahramonlar haqidagi alohida filmlar va seriallar, multfilmlar, videooʻyinlar hamda kolleksiya mahsulotlarini yaratish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Kengroq rejalar qatorida tematik bogʻlar, Brodvey myuzikli hamda virtual va kengaytirilgan reallikdan foydalaniladigan interaktiv loyihalar ham bor.
Xanumon, Shurpanaxa va Jatayuga alohida eʼtibor qaratilishi mumkin. Biroq muayyan spin-offlar hozircha rasman eʼlon qilinmagan.
Bu rejalarning ilk sinovi rejissyor Nitesh Tivari suratga olgan «Ramayana: Birinchi qism» filmi boʻladi. Kartinaning jahon premyerasi 2026-yil 5-noyabrga rejalashtirilgan, davomi esa 2027-yilda Divali bayrami vaqtida chiqishi kerak.





