Jeyms Blant albomi 1-oʻringa chiqqach, ismini «Rayan Eyr»ga qonuniy oʻzgartirmoqda
Jeyms Blant Airplane Mode Britaniya chartida 1-oʻringa chiqqach, yangi ismga ariza berdi. Hujjatda «Rayan Bel Eyr» ismi koʻrsatilgan.

Blant Instagramʼda ism oʻzgartirish haqidagi arizasining suratini eʼlon qildi. Hujjatda uning haqiqiy ismi Jeyms Hillier Blount ekani, yangi ismi esa «Rayan Bel Eyr» boʻlishi kerakligi koʻrsatilgan. Qoʻshiqchining aytishicha, rasmiylashtirish £53.05 ga tushgan.
Ijodkor avvalroq muxlislar uning yangi Airplane Mode albomining Britaniya chartida 1-oʻringa chiqishiga yordam bersa, ismini «Rayan Eyr» deb oʻzgartirishga vaʼda bergan edi. Albom 6 noyabrda chiqdi va Blant uchun 19 yil ichida Buyuk Britaniyadagi birinchi 1-oʻrinli albom boʻldi.
Airplane Mode undan avval 2007 yilda chiqqan All The Lost Souls albomidan keyingi ilk chart yetakchisi boʻldi. Uning debyut albomi Back To Bedlam ham Britaniya xit-paradida 1-oʻringa koʻtarilgan. 2024 yilda Blant ushbu albomning 20 yilligiga chiqariladigan qayta nashri reytingda yetakchilik qilsa, «Blunty McBluntface» ismini olishini vaʼda qilgan, ammo u atigi 7-oʻrinni egallagan.





