Aleksandr Skarsgård ishtirokidagi «Toʻqilgan er» (Wicker) filmi memlar tufayli viral boʻldi
Oliviya Kolman, Piter Dinkleyj va Aleksandr Skarsgård ishtirokidagi romantik fentezi filmi jahon prokatida $37 mln dan ortiq daromad keltirdi.

«Toʻqilgan er» (Wicker) filmi ijodkorlari kartinaning ijtimoiy tarmoqlardagi kutilmagan mashhurligi, viral memlar va prokatdagi muvaffaqiyatidan bahramand boʻlmoqda. Bu haqda operator Lol Krouli filmning Polshada oʻtkazilgan Camerimage festivalidagi namoyishi chogʻida gapirdi.
Eleonor Uilson va Aleks Hyuston Fisher rejissyorlik qilgan film yolgʻiz ayol (Oliviya Kolman) haqida hikoya qiladi. U savat toʻqish ustasiga (Piter Dinkleyj) sunʼiy er (Aleksandr Skarsgård) yasatishga buyurtma beradi.
Kroulining aytishicha, yanvar oyida «Sandens» festivalidagi premyeradan va treyler chiqqanidan soʻng film internetda kutilmaganda mashhurlikka erisha boshlagan. Operator viral muvaffaqiyat namoyonlaridan memlar, Skarsgård qahramoni tasvirlangan noodatiy mahsulotlar, jumladan aktyorning kartondan yasalgan qomatlari, hatto mavzuga oid toʻqilgan koʻkrak uchlari tasvirlangan buyumlarni sanab oʻtdi.
Film kinoteatrlarda 23 oktabr kuni namoyish etila boshladi. Hozirga qadar u AQShda $23,7 mln, xalqaro bozorlarda esa yana $13,4 mln daromad keltirdi. Krouli loyihani avvalgi ishlaridan farq qiladigan qorongʻi ertak deb atadi, biroq suratga olish jarayoni uning uchun nihoyatda yoqimli tajriba boʻlganini tan oldi.
Avvalroq operator «Brutalist» filmi ustidagi ishi uchun «Oskar» va Camerimageʼning «Oltin qurbaqa» mukofotlarini olgan.





