Kevin Faygi Robert Dauni-kichik va Kris Evansning «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmiga qaytishini izohladi
Marvel Studios rahbari studiya «Final» muvaffaqiyatini takrorlashga urinmayotgani, balki yangi voqeani hikoya qilishni maqsad qilganini aytdi.

Kevin Faygi Robert Dauni-kichik va Kris Evansning «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmiga qaytishiga izoh berdi. Aktyorlar filmda ishtirok etishi eʼlon qilinganidan soʻng, ayrim muxlislar Marvel Studios 2019-yilda chiqqan «Qasoskorlar: Final» filmining muvaffaqiyatini takrorlashga urinmoqda, degan taxminni ilgari surdi.
Empire nashriga bergan intervyusida studiya rahbaridan yulduzlarning qaytishi shunga oʻxshash kassa natijasini qoʻlga kiritish uchun ikkinchi imkoniyatdan foydalanish istagi bilan bogʻliqmi, deb soʻrashdi. Faygi bu talqinni rad etib, Marvel ekranlashtirish uchun hali ham koʻplab hikoyalarga ega ekanini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, kino olamining rivoji yakunlangan bitta bosqich bilan cheklanmasligi kerak, tanish qahramonlarning qaytishi esa franshizani yanada rivojlantirishdan voz kechilganini anglatmaydi.
«Final»dan soʻng ukasi Entoni bilan yana «Qasoskorlar» haqidagi film ustida ishlayotgan rejissyor Jo Russo ham loyihaga qaytish qarorini izohladi. Uning aytishicha, ijodkorlar hali hikoya qilinmagan bir voqea qolganini his qilgan. Bu voqea avvalgi filmning baxtli yakunidan keyingi tongda boshlanadi.
«Qiyomat kuni» filmida Dauni-kichik Doktor Dum rolini ijro etadi, Evans esa yana Stiv Rodjers qiyofasida paydo boʻladi. Marvel Toni Starkning yuziga ega yovuz qahramon paydo boʻlishini qanday izohlashi hozircha sir boʻlib qolmoqda. Faygi avvalroq yangi Dum Temir odamning muqobil versiyasiga aylanishi haqidagi taxminni rad etgan edi.
«Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmining premyerasi 18 dekabrga rejalashtirilgan.





