Glenn Close sakkizta gʻalabasiz nominatsiyadan soʻng faxriy «Oskar»ni oldi
Aktrisa 15 noyabr kuni Los-Anjelesda boʻlib oʻtgan Governors Awards marosimida kinematografiyaga qoʻshgan hissasi uchun taqdirlandi.

Glenn Close 15 noyabr kuni Los-Anjelesda boʻlib oʻtgan Governors Awards marosimida faxriy «Oskar»ni oldi. 79 yoshli aktrisa faoliyati davomida bosh kino mukofotiga sakkiz marta nomzod boʻlgan, biroq ilgari biror marta ham uning sohibasiga aylanmagan.
Close minnatdorchilik nutqida oʻzining ogʻir bolaligi haqida gapirdi. U yetti yoshidan 22 yoshigacha oʻzi sekta deb atagan qatʼiy diniy jamoa sharoitida yashagan. Aktrisa bu tajriba unga oʻzini begona his qilishga majbur qilganini aytdi. U olgan mukofotini aktrisa boʻlib ishlayotgan qizi Enni Starkga bagʻishladi.
Close toʻrtta nominatsiyani «Eng yaxshi ayol roli», yana toʻrttasini esa eng yaxshi ikkinchi darajali ayol roli toifasida olgan. Unga nominatsiyalar olib kelgan filmlar orasida «Halokatli mayl», «Xavfli aloqalar», «Albert Nobbs» va «Xotin» bor.
Avvalroq uning «Halokatli mayl» filmidagi hamkasbi Maykl Duglas Closeʼning trillerdagi ijrosini barcha davrlarning eng buyuk aktyorlik chiqishlaridan biri deb atagan va u bu roli uchun «Oskar»ga loyiq boʻlganini aytgan. 1988 yilda mukofotni «Oy hukmronligida» filmi uchun Cher olgan.





