Gabriel Iglesias chiqishi paytida oʻzini yomon his qildi va shouni toʻxtatishga majbur boʻldi
Amerikalik komikka Shimoliy Karolinadagi konsert vaqtida tibbiy yordam kerak boʻldi.

Fluffy laqabi bilan tanilgan 50 yoshli Gabriel Iglesias 22 noyabr kuni Shimoliy Karolina shtatining Roli shahridagi Lenovo Centerda chiqish qilayotganda oʻzini keskin yomon his qilgani sababli shouni toʻxtatdi.
TikTokʼda eʼlon qilingan kadrlarda komik mikrofon stendi yonidagi taburetka suyanganini, keyin esa uni sahna ortiga kuzatib qoʻyishganini koʻrish mumkin. U yerda Iglesiasga tibbiy yordam koʻrsatilgan: uning yonida tibbiyot xizmati xodimlari boʻlgan, artistning oʻzi esa, ehtimol, kislorod niqobidan foydalanayotgan boʻlgan. Koʻp oʻtmay tomoshabinlarga shou yakunlangani eʼlon qilingan.
Iglesiasning vakili 23 noyabr kuni artist oʻzini ancha yaxshi his qilayotganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, komik soʻnggi bir hafta davomida betob boʻlgan, biroq konsertni bekor qilishni istamagan va muxlislari uchun sahnaga chiqishga qaror qilgan. Vakil uning ahvoli yomonlashuviga sababni aniqlashtirmadi.
Chiqish 1976 Tour: A Fluffy Celebration gastrol turi doirasida boʻlib oʻtgan. Turning nomi komik tugʻilgan yil va uning sahna laqabiga ishora qiladi.
Iglesias avval ham sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar haqida ochiq gapirgan. «Fluffy filmi» (The Fluffy Movie, 2014) hujjatli filmida u oʻziga 2-tur diabet tashxisi qoʻyilganini, shifokorlarning dastlabki prognoziga koʻra esa unga taxminan ikki yil umr qolganini aytgan. Shundan keyin artist turmush tarzini qayta koʻrib chiqib, muntazam sport bilan shugʻullana boshlagan va ovqatlanishiga eʼtibor bergan.





