James Gunn DC Studiosʼdan ketgach, yengillik his qilganini aytdi
James Gunn DC Studios hamraisi lavozimidan ketgach, yengillik his qilayotganini aytdi. U Man of Tomorrow va DCʼning boshqa loyihasi ustida ishlashda davom etadi.

James Gunn va Peter Safranning DC Studiosʼdagi rahbarlik lavozimlaridan ketgani bu oʻringa Marvel faxriysi Jeremy Latcham tayinlangani eʼlon qilinganidan keyin maʼlum boʻldi. Gunn xayrlashuv xabarida ijodiy ishni studiyani boshqarish bilan birga olib borish unga oson boʻlmaganini tan oldi.
Rejissorning aytishicha, lavozimning korporativ jihati unga yoqmagan. Bundan tashqari, vaqtini oʻzi uchun ayniqsa qiziqarli boʻlgan loyihalar va rahbarlik vazifalari oʻrtasida taqsimlash qiyin kechgan. Shu bilan birga, u DC Studios jamoasi, hamkasblari va Safran bilan birga ishlagan qahramonlarni sogʻinishini aytdi.
Gunn studiyadagi faoliyati davrining asosiy muvaffaqiyatlari qatorida «Supermen» va Clayfaceʼning chiqarilishi, shuningdek, «Tinchlikparvar» seriali ustidagi ishlarni tilga oldi. U Man of Tomorrowʼni alohida taʼkidlab, bu loyihani yaratish faoliyatidagi eng yaxshi tajriba boʻlganini aytdi.
Ketish Gunn va Safranning DC hamda superqahramonlik loyihalari ustidagi ishini darhol yakunlashini anglatmaydi. Man of Tomorrow shu yozda chiqishi kerak. Bundan tashqari, Gunn DCʼning yana bir loyihasi ustida ssenariynavis sifatida ish boshlagan. Uning keyingi taqdiri hozircha belgilanmagan.
Oʻzgarishlar haqidagi xabar Skydance oʻtgan oy Warner Bros. Discoveryʼni sotib olishni yakunlaganidan keyin paydo boʻldi. Latcham Marvelʼning bir nechta loyihalarida, jumladan, Gunn suratga olgan ilk «Galaktika qoʻriqchilari» filmida ishlagan va Marvel rahbari Kevin Feyjning eng yaqin hamkorlaridan biri sanalgan.





