Stiv Mayner Jeyson Vurhiz ishtirok etadigan yangi «13-juma» filmi ustidagi ishga rahbarlik qiladi
Seriyaning ikki klassik filmini yaratgan rejissyor oradan oʻnlab yillar oʻtib franshizaga qaytadi. Film 2027-yilda namoyish etilishi kutilmoqda.

Kultga aylangan manyak Jeyson Vurhiz katta ekranlarda yana paydo boʻlishga tayyorlanmoqda. Horror, Inc. kompaniyasi yangi «13-juma» filmi ustida ish boshladi va uning rejissyorligini Stiv Maynerga topshirdi. Bu rejissyor uchun faoliyatidagi eng muhim ishlardan biriga qaytish boʻladi.
Mayner dahshat filmlari muxlislariga seriyaning ikkinchi va uchinchi qismlaridan tanish. 1981-yilda chiqqan filmda Jeyson ilk bor markaziy antagonistga aylandi, oradan bir yil oʻtib esa tomoshabinlar uni personajning oʻziga xos belgisiga aylangan mashhur xokkey niqobida koʻrishdi.
Boʻlajak film ssenariysi uchun Devid Fligel masʼul. Ishlab chiqarishga CatchLight Studios ham jalb etilgan, moliyalashtirishni esa Barsamyanlar oilasi taʼminlaydi. Mualliflar franshiza anʼanalarini saqlab, amaliy maxsus effektlar va shafqatsiz sahnalarga urgʻu berishni rejalashtirmoqda.
Loyiha seriyaning oʻn uchinchi toʻliq metrajli filmi va Jeysonning 2009-yildagi filmdan keyin kinoteatrlarga ilk qaytishi boʻladi. Premyera 2027-yilga moʻljallangan. Aktyorlar tarkibi, syujet va film nomi haqidagi maʼlumotlar hozircha sir tutilmoqda.





