Tidal sunʼiy intellekt tomonidan toʻliq yaratilgan 29 milliondan ortiq trekni oʻchiradi
9-dekabrdan boshlab servis katalogni ommaviy avtomatik yuklamalardan tozalash uchun sunʼiy intellekt yaratgan musiqalarni bloklashni boshlaydi.

Musiqa striming servisi Tidal toʻliq sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan kompozitsiyalarni tarqatishni taqiqlashini eʼlon qildi. Bunday yozuvlarni oʻchirish 9-dekabrdan boshlanadi, yil oxirigacha esa platforma katalogdan 29 mln dan ortiq trekni olib tashlamoqchi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 90 kun ichida platformaga yuklangan kompozitsiyalarning 43 foizdan ortigʻi sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan. Kelgusida Tidal har kuni shunday 80 mingdan 85 mingtagacha yuklamani rad etishni rejalashtirmoqda. Cheklovlar toʻliq neyron tarmoqlari tomonidan yaratilgan musiqalarni yuborishi taqiqlanadigan distribyutorlarga ham taalluqli boʻladi.
Shu bilan birga, servis sunʼiy intellekt yordamchi vosita sifatida ishlatilgan asarlarni qabul qilishda davom etadi. Taqiq faqat neyron tarmoqlari tomonidan toʻliq yaratilgan kompozitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi.
Tidal bu qarorni haqiqiy ijrochilar ijodini auditoriya eʼtiboridan mahrum boʻlishdan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Kompaniya bahosiga koʻra, 27 mln trek, yaʼni butun katalogning 6,3 foizi, toʻliq sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan. Bunday yozuvlarning 96 foizi esa biror marta ham tinglanmagan.
Avvalroq, iyun oyida, Tidal sunʼiy intellekt yaratgan musiqalarni tinglaganlik uchun haq toʻlashni toʻxtatgan edi, biroq bu chora yetarli boʻlib chiqmagan.
Boshqa platformalar kamroq qatʼiy yondashuvni tanladi. Deezer sunʼiy intellekt yaratgan kompozitsiyalarni tavsiyalardan chiqarib tashlash uchun filtr ishlab chiqmoqda, Spotify va YouTube Music esa bunday kontentni toʻliq taqiqlamasdan, uni belgilashni maʼqul koʻrmoqda. Tidal sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan musiqalarni tarqatishdan butunlay voz kechishga qaror qilgan ilk yirik striming platformalaridan biriga aylandi.





