Pol Makkartni va Ringo Starr 2027-yilda Las-Vegasda birga chiqadi
Pol Makkartni va Ringo Starr 2027-yil 29-yanvar kuni Las-Vegasdagi VetsAid festivalida birga chiqishi kutilmoqda.

Pol Makkartni va Ringo Starr Eagles gitarachisi Joe Walsh tashkil etadigan VetsAid 2027 festivalining maxsus ishtirokchilari boʻladi. Konsert 29-yanvar kuni Las-Vegasdagi MGM Grand Garden Arenaʼda oʻtkaziladi.
Makkartni va Starr oxirgi marta 2024-yil dekabrida Londonda — Makkartnining Got Back gastrolining yakuniy konsertida birga chiqish qilgan. Starr shou oxirida sahnaga chiqib, «Sgt. Pepperʼs Lonely Hearts Club Band» va «Helter Skelter» qoʻshiqlarida baraban chalgan.
Walsh festivalni faxriylar va ularning oilalariga bagʻishladi. Uning aytishicha, tadbirdan tushadigan barcha sof daromad Combined Arms Institute muvofiqlashtiruvi ostida faxriylar bilan ishlaydigan xayriya tashkilotlariga yoʻnaltiriladi. Musiqachi yana kutilmagan chiqishlar boʻlishini ham vaʼda qilgan.
Hozirgi ishtirokchilar safida The Killers, The War on Drugs, St. Vincent va Lucius bor. Chiptalar 13-noyabr kuni Tinch okeani vaqti bilan soat 10:00 da AXS orqali sotuvga chiqadi. Soliq va yigʻimlarsiz chipta narxi 200 dollarni tashkil etadi, faxriylar uchun esa maxsus chiptalar va narxlar belgilangan.





