The Strokes “Lonely in the Future” klipida Ilon Mask va milliarderlarni masxara qildi
The Strokes “Lonely in the Future” qoʻshigʻiga guruh, Ilon Mask va boshqa mashhurlarning qoʻgʻirchoq qiyofalari qatnashgan klip chiqardi. Unda milliarderlar hokimiyati tanqid qilinadi.

The Strokes “Reality Awaits” albomidagi “Lonely in the Future” qoʻshigʻiga videoklip taqdim etdi. Unda musiqachilar va jamoatga tanish shaxslar “Splitting Image” kompaniyasi ishtirokida yaratilgan qoʻgʻirchoqlar qiyofasida koʻrsatilgan. Ushbu kompaniya shu nomdagi shou ortida turadi.
Videoni avval guruh bilan “You Only Live Once”, “Taken for a Fool” va “Under Cover of Darkness” kliplari ustida ishlagan Uorren Fu suratga oldi. Mualliflar musiqachilar ham qoʻgʻirchoq qiyofasida tasvirlangan Genesis guruhining “Land Of Confusion” klipiga ishora qilgan.
Satirik sahnalarda Ilon Mask va Jeff Bezos oʻpishadi, keyin esa elektroshoker yordamida Mark Tsukerbergni haydab yuborishadi. Keyinroq milliarderlar dunyoning oxiri kelganini birgalikda nishonlaydi. Rupert Merdok oʻz qarashlarini ilgari surish uchun OAV sarlavhalarini oʻzgartiradi. Greta Tunberg qamoqda koʻrsatilgan.
Klipda musiqiy tanqidchi Entoni Fantano, Lou Rid va prodyuser Rik Rubin ham paydo boʻladi. Fantano Bax hamda “2001 yil: Kosmik odisseya” filmini tanqid qilayotgan qilib tasvirlangan. Bu sahna uning Julian Kasablankasning The Voidz loyihasi va “Reality Awaits” albomi haqidagi avvalgi sharhlariga ishora qiladi.
The Strokes aʼzolarining qoʻgʻirchoq qiyofalari “Last Nite”, “You Only Live Once” va “Reptilia” kliplaridagi obrazlarni takrorlaydi, shuningdek, guruhning MTV2 telekanalidagi “$2 Bill” turkumiga kiruvchi konsertdagi chiqishiga ishora qiladi. Video chiqishidan sal oldin musiqachilar “Lonely In The Future” qoʻshigʻini Saturday Night Live dasturida ijro etishdi.





