Nikol Kidman kinematografiyaga qoʻshgan hissasi uchun faxriy «Sezar» mukofotini oladi
Avstraliyalik aktrisa Fransiya kino mukofotining 52-tantanali marosimida taqdirlanadi. Marosim 2027-yil 25-fevralda boʻlib oʻtadi.

Nikol Kidman kinematografiyaga qoʻshgan hissasi uchun faxriy «Sezar» mukofotiga sazovor boʻladi. Fransiya Kino sanʼati va texnologiyalari akademiyasi mukofot aktrisaga 2027-yil fevralida Parijda boʻlib oʻtadigan marosimda topshirilishini maʼlum qildi.
Akademiya vakillari Kidman yirik Gollivud loyihalarida ham, mualliflik kinosida ham muvaffaqiyatli ijod qilib kelayotganini taʼkidladi. U faoliyati davomida Stenli Kubrik («Koʻzlari katta yumilgan holda»), Jeyn Kempion («Ledi portreti»), Lars fon Trier («Dogvill») va Baz Lurman («Mulen Ruj!») bilan hamkorlik qilgan.
Aktrisa «Oskar» mukofotiga besh marta nomzod boʻlgan va 2003-yilda «Soat» filmida Virjiniya Vulf rolini ijro etgani uchun haykalchani qoʻlga kiritgan. 2024-yilda esa «Yomon qiz» filmidagi ijrosi uchun Venetsiya kinofestivalida eng yaxshi ayol roli yoʻnalishida Volpi kubogiga sazovor boʻlgan.
Aktyorlik faoliyatidan tashqari, Kidman prodyuserlik bilan ham shugʻullanadi. U oʻzining Blossom Films kompaniyasi orqali «Katta kichik yolgʻonlar», «Ortga qaytish» va «Toʻqqiz nafar mutlaqo notanish odam» seriallarini yaratishda ishtirok etgan.
Soʻnggi yillarda faxriy «Sezar» mukofotiga Jim Kerri, Juliya Roberts, Kristofer Nolan, Devid Fincher va Keyt Blanshett ham sazovor boʻlgan. 52-tantanali marosimni fransiyalik komik Vensan Dediyen olib boradi, marosim raisi esa Lea Seydu boʻladi. Mukofotlarni topshirish marosimi 2027-yil 25-fevralda Parijdagi «Olimpiya» konsert zalida oʻtkaziladi.





