Stiven A. Smit nega LeBron Jeyms bilan janjallashmaganini aytib berdi
Jurnalist basketbolchi bilan toʻqnashuv sodir boʻlgan kuni ESPN bilan tuzilgan yangi shartnoma tufayli pul yoʻqotishdan xavotirlanganini tan oldi.

Amerikalik sport jurnalisti va teleboshlovchi Stiven A. Smit 2025-yil mart oyida yuz bergan, NBAning toʻrt karra chempioni LeBron Jeyms bilan boʻlgan mojaroni esladi. Smitning aytishicha, u basketbolchi bilan masalani hal qilmoqchi boʻlgan, biroq ESPN bilan qiymati kamida $100 mln boʻlgan yangi shartnoma sabab vaziyatni keskinlashtirmaslikka qaror qilgan.
Voqea «Los-Anjeles Leykers»ning «Nyu-York Niks»ga qarshi oʻyinida yuz bergan. Jeyms jurnalistdan oʻgʻli Bronni haqidagi tanqidlari uchun norozi boʻlgan. Smit avvalroq Bronni NBA darajasida oʻynashga tayyor emasligini aytgan edi.
The KG & Stephen A. Show podkastida teleboshlovchi LeBron bilan gaplashishni taklif qilganini, biroq u qoʻpollik bilan javob qaytarganini aytdi. Smit yangi shartnoma amal qila boshlagan ilk kunni eslagani va daromadini xavf ostiga qoʻymaslikka qaror qilganini tan oldi.
Uchrashuv «Leykers»ning qoʻshimcha vaqtda 113:109 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangan. Voqeadan keyin Jeyms va Smit yana bir necha bor omma oldida bir-birini tanqid qilgan.





