«Uzuklar hukmdori: Hokimiyat uzuklari» seriali toʻrtinchi mavsumga uzaytirildi
Amazon shou-rannerlar Jey Di Peyn va Patrik Makkey qaytishini tasdiqladi. Yangi qismlar ishlab chiqarilishi bahorda boshlanadi.

Prime Video striming xizmati «Uzuklar hukmdori: Hokimiyat uzuklari» serialini rasman toʻrtinchi mavsumga uzaytirdi. Tarmoqlarda ularning ketishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalganiga qaramay, loyiha shou-rannerlari Jey Di Peyn va Patrik Makkey serialga qaytadi.
Yangi mavsum hozirning oʻzida dastlabki tayyorgarlik bosqichida. Suratga olish ishlarini bahorda Buyuk Britaniyadagi Shepperton Studios studiyasida boshlash rejalashtirilmoqda.
Amazon MGM Studios kompaniyasining global televideniye yoʻnalishi rahbari Piter Fridlander serialni Prime Videoning asosiy loyihalaridan biri deb atadi. Shuningdek, u uchinchi mavsum muxlislar uchun muhim voqea — Yagona uzuk yaratilishiga yaqinlashayotganini taʼkidladi.
Platforma maʼlumotlariga koʻra, uchinchi mavsum 11 noyabrdagi premyeradan keyingi dastlabki 12 kun ichida butun dunyo boʻylab 33 million tomoshabinni jalb qilgan. Shu tufayli u Prime Video tarixidagi eng koʻp tomosha qilingan, yangi mavsumlari chiqqan seriallar mavsumlari oʻnligidan joy oldi.
Biroq Nielsenning debyut haftasiga oid rasmiy reytinglari hozircha eʼlon qilinmagan. Rotten Tomatoesʼdagi tanqidchilar baholari avvalgi mavsumlar darajasida — taxminan 85% boʻlib qolmoqda. Tomoshabinlar baholari esa hamon ancha past, bu «Uzuklar hukmdori» muxlislarining bir qismida serialga munosabat bir xil emasligini koʻrsatadi.
Toʻrtinchi mavsumning premyera sanasi hozircha eʼlon qilinmagan.





