Glen Pauell «Qirolning qaytishi» komediyasida tanazzulga yuz tutgan kantri yulduzini gavdalantirdi
Jadd Apatou filmida Miranda Lambert, Jelli Roll, Bred Peysli va boshqa taniqli kantri ijodkorlari ham ishtirok etadi.

Rejissyor Jadd Apatou suratga olgan «Qirolning qaytishi» (The Comeback King) musiqiy komediyasining ilk treyleri chiqdi. Bosh rolni Glen Pauell ijro etgan: u shov-shuvli xiyonat mojarosidan keyin faoliyati barbod boʻlayotgan mashhur kantri musiqachisi Obri King obrazini gavdalantirgan.
Film syujetiga koʻra, qahramon sevgilisi — pop-yulduz Missini boshqa erkak bilan birga koʻrib qolgach, professional va shaxsiy inqirozni boshdan kechiradi. Vaziyat Missi Obriyning oʻzini xiyonatda ayblagan qoʻshiqni chiqargach, yanada ogʻirlashadi. Mashhurligi va tomoshabinlar qoʻllab-quvvatlashidan ayrilgan musiqachi taʼlimini tugatish uchun kollejga qaytishga qaror qiladi. U yerda Sem ismli oʻqituvchi ayol bilan tanishib, asta-sekin yangi hayot boshlaydi.
Filmda kantri sahnasining haqiqiy yulduzlari — Miranda Lambert, Bred Peysli, Jelli Roll, Reba MakIntayr, Shaboozey, Leyni Uilson va Lyuk Brayan ham koʻrinish beradi. Aktyorlar tarkibining boshqa ishtirokchilari orasida Kristin Milioti, Madlen Klayn va Kumeyl Nanjiani bor.
Pauell filmni kantri musiqasiga boʻlgan muhabbat izhori deb atadi. Kartina uchun sakkizta original qoʻshiqni uning singlisi, muallif va ijrochi Lesli Pauell yozgan.
«Qirolning qaytishi»ning premyerasi 2027-yil 5-fevralda boʻlib oʻtadi.





