Supreme Elliott Smith sharafiga kolleksiyani taqdim etdi va internetda munozaralarga sabab boʻldi
Musiqachi tasvirlari tushirilgan kolleksiya uning merosini tijoratlashtirish hamda brendning musiqa madaniyati bilan aloqasi haqida munozaralarga sabab boʻldi.

Supreme brendi amerikalik musiqachi Elliott Smithga bagʻishlangan kapsula kolleksiyasini chiqardi. Undan Either/Or, XO va Figure 8 albomlari muqovalaridan ilhomlangan dizayndagi kurtkalar va futbolkalar oʻrin olgan. Loyiha ijrochining merosxoʻrlari bilan kelishilgan.
Biroq kolleksiyaning chiqarilishi internetda turlicha munosabatlarga sabab boʻldi. Ayrim foydalanuvchilar tijoriy Supreme brendi Smith ijodining mustaqil ruhiga mos kelmaydi, deb hisoblaydi. Tanqidchilar, xususan, brendning yuqori moda industriyasi bilan aloqalari hamda Carlyle Groupʼning 2017 yilda kiritgan qariyb 500 mln dollarlik investitsiyasini tilga olmoqda.
Shu bilan birga, Supreme bir necha oʻn yillardan beri musiqa industriyasi vakillari bilan hamkorlik qilib keladi. Brend alohida kolleksiyalar va futbolkalarni bagʻishlagan ijrochilar orasida Michael Jackson, Nirvana, The Velvet Underground, Joy Division, Aphex Twin va boshqalar bor.
Elliott Smithning oʻzi ham skeytbord madaniyati bilan bogʻliq boʻlgan. Uning kompozitsiyalaridan skeytbordchilar videolarida bir necha bor foydalanilgan, musiqachi esa Stereo uchun hamda Supremeʼning ilk logotiplaridan biri uchun grafika yaratgan rejissyor va skeytbordchi Mike Mills bilan doʻst boʻlgan.
Material muallifi yangi kolleksiya brendning uzoq yillik anʼanasini davom ettiradi va musiqachining ijodiga boʻlgan qiziqishni saqlashga yordam beradi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, bunday loyihalar huquq egalariga moliyaviy mukofot berilishini taʼminlaydi. Bu musiqasi vafotidan yillar oʻtib ham yangi tinglovchilarni topishda davom etayotgan ijrochilar merosi uchun ayniqsa muhim.





