«Muzlik davri»ning oltinchi filmi ilk treyleri 10 yil oʻtib chiqdi
Disney «Muzlik davri: Qaynash nuqtasi» filmi treylerini taqdim etdi. Animatsion franshizaning yangi qismi kinoteatrlarda 5-fevral kuni namoyish etiladi.

Disney «Muzlik davri: Qaynash nuqtasi» (Ice Age: Boiling Point) multfilmining ilk treylerini taqdim etdi. Bu franshizaning oltinchi toʻliq metrajli qismi va 2016-yilda chiqqan avvalgi filmdan oʻn yil oʻtib chiqarilgan ilk film hisoblanadi.
Syujet qahramonlarni yana Yoʻqolgan dunyoga olib boradi. U yerda poda yirtqichlar tahdidiga duch keladi. «Muzlik davri 3: Dinozavrlar erasi» filmidan tomoshabinlarga tanish dinozavr Rudi qirilib ketish arafasida, uning turdoshlari esa tuxumlarni ovlaydi. Manni, Sid, Diego va boshqalar tuxumni xavfsiz joyga yetkazish uchun faol vulqon choʻqqisiga yoʻl oladi. Yangi sarguzasht qahramonlarning yoshiga oid mavzuni ham qamrab oladi: ular yillar oʻtishi bilan yosh ulgʻayayotganini seza boshlaydi.
Rey Romano, Jon Leguizamo, Denis Liri, Kvin Latifa va Saymon Pegg ovoz berishga qaytishdi. Film rejissyori etib Jon K. Donkin tayinlandi; u avval «Muzlik davri: Bakning sarguzashtlari» spin-offi ustida ishlagan. Franshizaning tashkil topganidan beri unda ishtirok etib kelayotgan Lori Forte produser sifatida qatnashdi.
Multfilmning kinoteatrlardagi premyerasi 5-fevral kuni boʻlib oʻtadi.





